“BIROVNING HAQI”
Kitob nomi: “Birovning haqi yoxud gastarbayter Musabekning ko‘rgan-kechirganlari”
Janr: Sarguzasht qissa
Muallif: Nabijon Hoshimov
Nashriyot: “Ijod-Press”
Asar real voqealarga asoslangan bo‘lib, yozuvchi tug‘ilib-o‘sgan Farg‘ona vodiysida yashovchi yigitning hayotida o‘n besh-yigirma yillar muqaddam yuz bergan. Sodda, mehnatkash, oqko‘ngil yigit Musabek hamqishloqlarining qistovi bilan Rossiyaga ishlashga ketadi. Ikki yil o‘tsa-da, uyiga qo‘ng‘iroq qilmaydi, dom-daraksiz yo‘qoladi. Xotini Zuhra Oltiariqdagi fermerlarning bog‘larida ishlab, ro‘zg‘orga ul-bul topishga harakat qiladi. Dardu xayoli erida edi. Pul o‘lsin! Nega uni Rossiyaga yubordi-ya!..
Shunday kunlarning birida uyiga xomush qaytayotganida, uzoqdan o‘g‘li chopib kelayotganini ko‘radi. O‘g‘li “Dadam keldi!” deb shodon qichqirayotganini eshitib, quvonchdan ko‘zlariga yosh to‘ladi. Nahotki, sog‘-omon qaytgan bo‘lsa?! Zuhra uyiga shoshiladi. Darhaqiqat, Musabek sog‘-salomat edi. Sumkasidagi sovg‘a-salomlarni olayotgan bolalari bir xaltachani ko‘rib qolishadi. Xaltachani tanigan Musabek hayratlangancha qotib qoladi. Shu asnoda bolalari xaltachani ochadi va dollar hamda tilla taqinchoqlar palosga to‘kiladi...
Mojaro shundan keyin boshlanadi. Birovning haqiga xiyonat qilmaydigan halol-pok, sodda Musabekning sumkasiga qabrdan chiqqan xaltachani kim solib qo‘ygan edi? O‘shanda, rus o‘lkasida dushman Musabekni qabrga tushirgan va ular orasida Jenya ham bor edi. Ular Musabekka o‘likning pullarini va taqinchoqlarini olib, dafn etishni buyurishadi. Musabek buyruqni bajarib, mayyitning narsalarini xaltachaga solib, qabr tepasida turganlarning orasidagi aynan o‘sha Jenyaga uzatadi. Bu xaltacha so‘nggi paytda Jenyada edi...
Nabijon Hoshimovning navbatdagi sarguzasht qissasi – “Birovning haqi” asarida gastarbayter Musabekning olis shimoliy o‘lkada jinoiy to‘dalar makoniga tushib qolgani, ammo g‘aroyib va kutilmagan voqealar tufayli o‘z yurtiga qanday omon qaytgani haqida o‘qiysiz! Otasini opichlab masjidga borgan yigit rus kampirni opichlab cherkovga boradi...