“BIR O‘LKAKI...”
Kitob nomi: “Bir o‘lkaki...”
Janr: Badiiy-publitsistika
Muallif: Farhod Bobojonov
Nashriyot: “Ijod-Press”
Bu kitob “Dunyo bo‘ylab” telekanalining qariyib yigirma yil davomida “Bir o‘lkaki...” deb atalgan ko‘rsatuvi muallifi, qolaversa, o‘tgan asrning betakror suxandoni, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, Qoraqalpog‘iston xalq artisti unvonlari, “Do‘stlik” ordeni, “Oltin qalam”, “Eng ulug‘, eng aziz” mukofotlari, “Nuroniy” medali sohibi, oliy toifali diktor Farhod Bobojonovning uzoq yillik mehnatlari samarasidir.
Muallif televideniya endigina tetapoya bo‘layotgan XX asrning 60-yillaridagi suxandonlik mas'uliyati va mashaqqatlarini o‘z misolida yorqin, hayajonli satrlarda ko‘rsatib bergan. Kitobda Farhod Bobojonovning hayot yo‘li nafaqat muallifning o‘zi tomonidan qiziqarli voqealar bilan hikoya qilinadi, balki u haqda mashhur yozuvchi va shoirlarning, dramaturg va rejissorlarning, suxandon va jurnalistlarning yozgan ajoyib maqolalari ham bitikdan joy olgan.
Farhod Bobojonov yozadi: “Ota-bobolarimiz asli Xivadan, ammo sho‘rolarning ta'qibi va tazyiqi tufayli qavm-qarindoshlar turli tomonlarga tarqab ketishgan. Otam madrasa ko‘rgan ziyoli inson edi. Bizga Navoiy, Mashrab, So‘fi Olloyor, Ogahiy, Cho‘lpondan ko‘p o‘qib berardi. Uzun qish kechalari chiroqning g‘ira-shira yorug‘ida Oybekning “Navoiy” romanini mutolaa qilganimiz hamon esimda. Shundanmi, adib ijodiga erta mehr qo‘ydim, oradan yillar o‘tib, milliy qadriyatlar, an'analarga bag‘ishlangan mualliflik ko‘rsatuvimni ham Oybek domlaning mashhur she'ridan olingan so‘zlar bilan “Bir o‘lkaki...” deb nomladim... Maktabni bitirayotganda rassom bo‘laman deb o‘ylardim. Ancha-muncha mashqlar ham qilgandim. Keyin hikoya yozishga qiziqishim ortdi. O‘sha mahallar Odil Yoqubovning uyiga tanda qo‘ygandim. Bu orada kinematografiya eshigini ham birrov qoqib ko‘rdim. “O‘zbekfilm” studiyasida plenka tashuvchi bo‘lib ishladim. Shu yerda Shukur Burhon, Hikmat Latipov, Rahim Pirmuhammedov kabi buyuk aktyorlar bilan hamsuhbat bo‘ldim... 1969-yilda o‘tkazilgan diktorlar tanlovi esa taqdirimni o‘zgartirib yubordi...”
Kitob o‘tgan asrning 70-80-yillaridagi afsonaviy diktorning hayot yo‘li haqida ta'sirli hikoyalarga to‘la. Bolaligi Amudaryo bo‘ylarida o‘tgan Farhod Bobojonov 1963-yilda Toshkentdagi 82-o‘rta maktabga hujjat topshiradi va Toshkentda o‘qib, ulg‘aya boshlaydi. Ibratli va mashaqqatli, g‘alabali va shonli ijod yo‘li haqidagi kitob mutolaasi siz – aziz kitobxonlarga albatta manzur bo‘ladi.