AGATA KRISTI: detektiv qirolichasi haqida qiziqarli faktlar
*Ingliz yozuvchisi Agata Kristi (1890-1976) dunyodagi eng ko‘p o‘qiladigan yozuvchilar sirasiga kirib, uning asarlari shu vaqtgacha yuzdan ziyod tilda to‘rt milliarddan ko‘p nusxada nashr etilgan. Uning kitoblari G‘arbda Bibliya kitobi va Shekspir asarlaridan keyin uchinchi o‘rinda turadi.
*Agata Kristi 60 dan ortiq detektiv roman, 6 psixologik roman, 19 ta hikoyalar to‘plami va 16 ta pyesa muallifidir.
*Agata Kristi degan nomni o‘z vaqtida ko‘pchilik eshitmagan. Detektiv ishqibozlari ayol yozuvchi yozgan kitoblarni xarid qilmasligidan cho‘chigan Agata Kristi o‘ziga erkakcha taxallus o‘ylab qo‘ygan. Bular “Mart Uest”, “Martin Grey”, “Vestmakott” degan taxalluslar edi. Lekin yozuvchi o‘z ismi (Agata) va birinchi erining familiyasi (Kristi) bilan mashhur bo‘ldi. O‘zining asl ism-familiyasi esa Agata Meri Klarissa Miller edi.
*Birinchi erining xiyonatidan so‘ng Agata Kristining turmushi buzilib, keyinchalik ikkinchi marta turmush qurgan va Agata Mallouenga aylangan. U psixologik romanlarini “Vestmakott” nomi bilan yozgan.
*Agata Kristi yozishni yoqtirmagani uchun ko‘plab romanlarini og‘zaki aytib turib, boshqa birovga yozdirgan. Inson odatda yengil jismoniy mashg‘ulotlar vaqtida, masalan, piyoda yurish, sayr, sayohat yoki harakatsiz xayol surish chog‘larida yangi g‘oyalarni o‘ylab topadi. Agata Kristi esa kosa-tovoq yuvayotib g‘ayrioddiy jumboqli voqealarni o‘ylab topgan.
*Birinchi Jahon urushi davrida Agata Kristi gospitalda hamshira bo‘lib ishlagan. Keyinchalik farmatsevtika sohasida ham faoliyat yuritgan. Shu sababdan detektiv asarlarining ko‘pchiligida qahramonlar zaharlar orqali o‘ldiriladi.
*Agata Kristining ikkinchi turmush o‘rtog‘i arxeolog edi. Yozuvchi u bilan ko‘plab mamlakatlarga, xususan, Suriya, Iroq, Turkiyaga sayohat qilgan. Mashhur asarlaridan biri “Sharqiy ekspressdagi qotillik” romanini u Istanbuldagi mehmonxonada yozgan.
*Agata Kristining eng mashhur asari “O‘nta negr bolasi” bo‘lib, Amerikada “negr” so‘zi haqorat bo‘lgani uchun u yerdagi nashrida “hindu” so‘zi qo‘llanilgan. “O‘nta negr bolasi” romani asosida Buyuk Britaniyada mini-serial suratga olinganida, mini-serial nomini “Hech kim qolmadi” deb qo‘yishgan.
*1926-yilda Agata Kristi izsiz g‘oyib bo‘lgan. Uning mashinasidan paltosi topilgan, xolos. Na xat qoldirilgan, na odam o‘g‘irlash izlari bo‘lgan. Uni politsiya xodimlari va izquvarlardan tashqari o‘nlab ko‘ngillilar axtarishgan. Hatto Sherlok Xolms haqidagi hikoyalar muallifi, mashhur detektiv yozuvchi Artur Konan Doyl ham axtargan. Agata Kristining eri xiyonat qilganida bu voqea yuz bergan edi. Oradan o‘n kun o‘tib, politsiya Agata Kristini mehmonxonalarning biridan topadi. U erining xiyonatidan so‘ng yo‘qolib qolishni istagan va, qizig‘i, o‘sha mehmonxonada erining ma'shuqasining ism-familiyasi bilan ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lgan. Artur Konan Doyl esa uni topolmagach, suratini folbinga olib borgani ma'lum bo‘lgan.
*Agata Kristi 1976-yil 12-yanvarda o‘z uyida, 85 yoshida shamollashdan vafot etgan. Angliyaning Oksfordshir grafligida joylashgan Cholsi qishlog‘idagi Muqaddas Mariya qabristoniga dafn etilgan.
*Agata Kristi avtobiografik asarini shunday jumla bilan yakunlagan: “Senga shukr aytaman, Yaratgan Egam, ajoyib hayot va menga berilgan barcha muhabbat uchun”.