“ADASHGAN AVTOBUS”
Kitob nomi: “Adashgan avtobus”
Janr: Sarguzasht
Muallif: Nabijon Hoshimov
Nashriyot: “Ijod-Press”
Bir qishloqda Nilufar ismli qiz yashardi. Onasi Kibriyo xola Rossiyaga ketgan erini to‘rt yildan beri kuta-kuta ko‘zlari yo‘liga nigoron edi. O‘sha damlarda Rossiyaga ishlashga borib, dom-daraksiz ketganlar tez-tez uchrab turardi. Telefon yo‘q, internet yo‘q. Ish izlab tentiraganlar bepoyon mamlakatning allaqaysi chekka tumanlaridan yoki vatandoshlar oyog‘i yetmagan o‘rmondagi allaqaysi posyolkalardan qo‘nim topishardi. Qayerda, nima ish qilyapti, tirikmi, o‘lganmi, yaqinlari bilishmasdi. Nilufarning otasi ham shunday qismat egalaridan edi.
Kunlarning birida Nilufar buloqdan suv olishga borganida, hamqishloq yigit Jamshid velosipedida keladi va u ham Rossiyaga ishga jo‘nayotganini aytadi. Nilufarning ham unda ko‘ngli bor edi. Yoqtirgan yigiti Rossiyaga ketayotganidan, endi bir necha yil ko‘rishmasligidan bir o‘kinsa, otasi ham o‘sha yurtda ekanidan va Jamshid biror xabar topishidan bir sevinadi. Yigit pul ishlab qaytsa, to‘y qilishga va'da beradi. Ko‘p o‘tmay haqiqatan ham Jamshid Rossiyaga jo‘nab ketadi. Bu haqda qiz Kibriyo xolaga aytganida, onaizor Jamshidni kuyov qilishga qarshi emasligini bildiradi, ammo qarorni ota aytishi kerak. Ota esa xat-xabarsiz...
Yangi qaror qabul qilish uchun vaqt kerak edi. To‘satdan Kibriyo xola Nilufarni ergashtirib, Farg‘onadan Toshkentga jo‘naydi. Toshkentlik taksichiga Qozog‘iston chegarasiga olib borishni iltimos qiladi. Chegarada esa Novosibirskka qatnaydigan avtobusga duch kelishadi. Kibriyo xola Rossiyadan kelayotgan va ketayotganlarga erining fotosuratini ko‘rsatib, surishtira boshlaydi. Shunda anglaydiki, avtobusga o‘tirsa bas, u ham bir necha kunda Rossiyada bo‘lishi mumkin. Shu tariqa ona-bola Rossiyaga yo‘l oladilar. U yoqda esa Jamshid Rossiyaning Oltoy o‘lkasidagi o‘rmondagi bir qurilishda ishlayotgandi. Qo‘shni bino egasi qurilish chiqindilarini o‘zining hududidagi chuqurlikka ko‘mishni, chunki chuqurlikdan kuchli badbo‘y hid tarqalayotganini aytadi. Ikki bino o‘rtasidagi baland devordan eshik ochib beradi. Jamshid ilk bor qo‘shni hududga kiradi...
Bu paytda Kibriyo xola va Nilufar avtobusda Novosibirskka yaqinlashib kelmoqda edi...
Nabijon Hoshimovning “Adashgan avtobus” asarining asosiy voqealari shu nuqtadan boshlanadi. Yaqin o‘tmishda ro‘y bergan “qonunsiz davlatlar zamonidagi mehnat migratsiyasi” zamonidan hikoya qiluvchi qiziqarli sarguzasht asar o‘rmonda adashgan avtobus orqali adashgan odamlarning achinarli va achchiq qismatlaridan hikoya qiladi. “Ijod-Press” nashriyoti mahsuloti!