Bosh sahifa/RANG-BARANG DUNYO/ADABIYOT: Pushkinning safari, Sartr falsafasi, Bulgakovning gonorari, “E” harfisiz roman

ADABIYOT: Pushkinning safari, Sartr falsafasi, Bulgakovning gonorari, “E” harfisiz roman

53

АДАБИЁТ Пушкиннинг сафари, мукофотни олмаган Сартр, Булгаковнинг гонорари, “Е” ҳарфисиз ёзилган роман

ADABIYOT: Pushkinning safari, Sartr falsafasi, Bulgakovning gonorari, “E” harfisiz roman

*Buyuk shoir Aleksandr Sergeyevich Pushkin bir umr Rossiyada yashagan va xorijga atigi bir marta chiqqan. 1829-yilda rus qo‘shinlari rus-turk urushi davrida Turkiyaga yurish qilganida, Pushkin ham armiya safida bo‘lgan. Shu tariqa shoir borgan chet el faqat Turkiya bo‘lib qoldi. Oradan yetti yil o‘tib u duelda o‘ldirildi. Safari haqida travelog janridagi “Arzirumga sayohat” asarini yozgan. Travelog, bu – “sayohat” va “monolog” so‘zlaridan olingan inglizcha atama bo‘lib, sayru sayohat haqida turli janrlar qorishmasidagi bitikdir.

*Fransuz yozuvchisi, dramaturgi, essenavisi, faylasufi Jan Pol Sartr 1964-yilda Nobel mukofotini olishdan bosh tortgan. U nafaqat Nobel mukofotini, balki boshqa mukofot, orden va turli takliflarni ham rad etgan. Masalan, Ikkinchi Jahon urushidan so‘ng 1945-yilda yozuvchiga “Faxriy legion” ordenini berishmoqchi bo‘lgan. O‘shanda hukumatda Sartrning nufuzli do‘stlari va tanishlari bo‘lsa-da, ordenni olmagan. Kollej de Fransga o‘qishga taklif etishganida ham bormagan. Shu haqda o‘zi “Bular mening yozuvchilik pozitsiyamga asoslanadi. Siyosiy, ijtimoiy va madaniy sohada muayyan pozitsiyani egallagan yozuvchi faqat o‘ziga tegishli vositalar, ya'ni nashrdan chiqqan so‘zlari bilan harakatda bo‘lishi lozim” degan. Biror uyushmaga a'zo bo‘lish, orden-medellar tashvishida yelib-yugurish, uy yoki pul shaklidagi mukofotlar uchun janjallar bugungi ayrim shoiru yozuvchilarni Sartga taqqoslaganda gadoga aylantiradi.

*Mixail Afanasevich Bulgakovning “Usta va Margarita” romani uchun 1968-yilda leningradlik jurnalist Vladimir Nevelskiy qalam haqi olgan. Bu qanday yuz bergan? Bulgakov o‘limidan oldin “kim qabrimga gul olib kelsa, “Usta va Margarita”ning gonorarini unga beringlar” deb vasiyat qilgan. “Usta va Margarita” Bulgakovning eng mashhur asarlaridan biri bo‘lib, yozuvchi bu romanni 1928-yildan to 1940-yilgacha, ya'ni o‘limigacha bo‘lgan vaqt ichida yozgan. Yozuvchi 1940-yil 10-martda 48 yoshida vafot etgan. Oradan yigirma sakkiz yil o‘tib, Bulgakovning muxlisi bo‘lgan jurnalist uning qabrini ziyorat qilish gul ko‘tarib borgan. Bulgakov maxfiy vasiyat qoldirganini jurnalist bilmas edi. Kutilmaganda yozuvchining bevasi unga qalam haqi yuborgan. Xursand bo‘lgan jurnalist bu pulga kater sotib olgan.

*Fransuz yozuvchisi va rejissyori Jorj Perekning 1969-yilda “Yo‘qolish” nomli antiqa romani nashrdan chiqqan. Qizig‘i, bu asarda fransuz tilida eng ko‘p qo‘llaniladigan birorta “E” harfi yo‘q edi. Asar ma'lum bir harfdan umuman foydalanilmagan yagona romandir. Bu janr adabiyotda “lipogramma” deb ataladi. Aytishlaricha, Perekning bunday uslubda roman yozishiga ikkita narsa sabab bo‘lgan. Birinchisi, yozuvchi “E” harfidan foydalanmasdan roman yozish bo‘yicha do‘stlari bilan garov o‘ynagan. Ikkinchisi, shu yo‘l orqali u natsistlar Germaniyasining yahudiylarni qirg‘in qilishga qarshi noroziligini ifodalagan. Chunki Perekning qarindoshlari nemis konslagerlarida o‘ldirilgan edi. Uch yuz betli romanning asl variantida “E” harfi yo‘q, 2005-yilda tarjima qilingan ruscha variantida esa “O” harfi yo‘q.

Barcha qiziqarli maqolalar

Biz bilan bog‘lanish:
Bizning e-mail:
Bizning manzil:
O‘zbekiston Respublikasi Toshkent shahri Chilonzor tumani Cho‘ponota ko‘chasi, 28-uy
Bosmaxona xizmatlari, nashriyot ishlari, mehmonxona
Sizni kutmoqdamiz!