Bosh sahifa/RANG-BARANG DUNYO/ADABIYOT OLAMI: qiziqarli dalillar

ADABIYOT OLAMI: qiziqarli dalillar

72

АДАБИЁТ ОЛАМИ қизиқарли далиллар

ADABIYOT OLAMI: qiziqarli dalillar

*Hammamiz biladigan “Zolushka” ertagini fransuz shoiri va tanqidchisi Sharl Perro (1628-1703) yozgan. Undan bor-yo‘g‘i o‘n bir ertak saqlanib qolgan. Shuningdek, Zolushka haqida aka-uka Grimmlar ham, Jambattista Bazile ham ertak yozgan.

*Yarim asrdan ziyod vaqt davomida O‘zbekistondagi maktab o‘quvchi qizlarining sevimli she'ri va qo‘shig‘i hisoblangan: “Bog‘da gul chaman-chaman, Men gullarni quchaman. Zavq-la ochib qulochim, Sho‘x qush kabi uchaman…” she'ri O‘tkir Rashid (1915-1990) qalamiga mansub. Shoirning to‘plami 1937-yilda “Yoshlik” nomi bilan chop etilgan edi.

*Onore de Balzak bir kecha-kunduzda 14-16 soatlab ijod qilgan. Uni “bitmas-tuganmas g‘ayrat sohibi”, “mehnatga qobiliyatli ijodkor” deb ta'riflashgan. Chunki u har kuni erinmasdan yozar, yozganlarini tahrir qilar, qayta yozib chiqar edi.

*Necha yildirki o‘zbeklarning nikoh to‘ylarida kelin-kuyov to‘y sahnasiga chiqishidan oldin kuylanadigan “To‘ylar muborak” qo‘shig‘ining  matnini shoir Sobir Abdulla (1905-1972) yozgan. Ilk marta bu qo‘shiq yetmish yil muqaddam kuylangan, hozirgacha mamlakatimizning deyarli hamma to‘ylarida zamonaviy estrada yo‘nalishida kuylab kelinmoqda.

*Lev Tolstoy 34 yoshida 18 yoshli qizga uylangan. Ilk nikoh oqshomida kelinchakka o‘z ishqiy sarguzashtlari yozilgan kundaligini o‘qitgan. Buyuk yozuvchi o‘zi va xotini o‘rtasida hech qanday sir bo‘lmasligi kerak deb o‘ylagan.

*Sohibqiron Amur Temur va temuriy shahzodalar haqida eng ko‘p roman yozgan adib o‘zbek yozuvchisi Nurali Qobul hisoblanadi. Yozuvchining “Temuriylar epopeyasi” deb atalgan epopeya uslubidagi romanlari jami 25 tomdan iborat. Asar ingliz tilida “Amazon” tarmog‘ida ham sotilmoqda. Bugungi davr va uning o‘tmishi haqidagi roman-pamfletlari (siyosiy romanlari) esa 12 tomni tashkil etadi va hozirda 7-kitobi nashr etilmoqda.

*Lord Bayron parrandalarni va hayvonlarni yaxshi ko‘rgan, o‘zi yashaydigan uyda asragan, hatto yig‘inlarga borganda, ortidan ergashtirib yurgan. U Kembridjdalik chog‘ida bir taqiqqa duch kelgan, ya'ni universitet yotoqxonasida it saqlash mumkin emasdi. Shunda Bayron ayiq bolasini yetaklab kelgan va taqiqlar ro‘yxatini ko‘rsatishlarini so‘ragan. Axir, xonada ayiq saqlash-saqlamaslik haqida universitet ma'muriyati hech narsa demagan, modomiki, shunday ekan, ular Bayronning oldida ojiz edilar. Bayronning hayotiga nazar tashlasak, uning g‘ozlari, tulkisi, bo‘rsig‘i, timsohi, burguti, turnasi, qarqarasi bo‘lgan.

Barcha qiziqarli maqolalar

Biz bilan bog‘lanish:
Bizning e-mail:
Bizning manzil:
O‘zbekiston Respublikasi Toshkent shahri Chilonzor tumani Cho‘ponota ko‘chasi, 28-uy
Bosmaxona xizmatlari, nashriyot ishlari, mehmonxona
Sizni kutmoqdamiz!