LEV TOLSTOY IJODI: “Urush va tinchlik”mi yoki “Urush va dunyo”?
Lev Tolstoyning “Urush va tinchlik” epopeyasining nomi borasida bir shubha yuradi. Asar nomi “Urush va tinchlik”mi yoki “Urush va dunyo”?
Bunday shubha paydo bo‘lishiga sabab rus tilidagi “мир” so‘zining ikki xil yozilishidir. Tolstoy davrida “tinchlik” so‘zi “миръ” deb, “dunyo” so‘zi esa “мiръ” deya sal boshqacha yozilgan. “Urush va tinchlik” o‘sha paytda “Война и миръ” nomi bilan nashr etilgan. Demak, Tolstoy “миръ”, ya'ni “tinchlik” ma'nosida sarlavha qo‘ygan. Shuningdek, Tolstoy asari nomini fransuzchasiga “La guerre et la paix” deb atagan. Bu esa “Urush va tinchlik” deganidir. Biroq ba'zi nashrlarda asar nomi “Война и мiръ” shaklida berilgan. “Война и мiръ” o‘sha davrdagi imlo bo‘yicha “Urush va dunyo” deganidir. Shubha eski zamon nashrlaridagi mazkur xato (“мiръ”) tufayli paydo bo‘lgan.
Buyuk yozuvchi 1828-yil 28-avgustda Rossiya imperiyasining Tula guberniyasi Krapivna uyezdidagi Yasnaya Polyana qishlog‘ida, graf oilasida tug‘ilgan. Peterburg Fanlar Akademiyasi muxbir a'zosi (1873), faxriy akademigi. 1902, 1903, 1904, 1905-yillarda Nobel mukofotiga loyiq ko‘rilgan, ammo har safar Tolstoyning o‘zi bu mukofotni rad etgan.
Lev Tolstoy nafaqat rus adabiyotining, balki jahon adabiyotining ham eng mashhur yozuvchisidir. “Urush va tinchlik”, “Anna Karenina”, “Tirilish” kabi ko‘plab asarlari butun dunyoga mashhur. Jumladan, sal kam yuz yildan beri o‘zbek kitobxonlariga ham ma'lum. Ayniqsa, o‘tgan asrning ikkinchi yarimida Lev Tolstoyning deyarli barcha asosiy asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilinib, yuqori adadlarda nashr etilgan.
Naim Karimovning yozishicha, “birinchi o‘zbek advokati Ubaydulla Xo‘jayev 1909-yilda Tolstoyga uning yomonlikka yomonlik bilan javob bermaslik haqidagi ta'limoti yuzasidan xat yozib, o‘sha yilning 5-iyunida undan javob olgan. Islom dinining taniqli arboblaridan biri Abduvohid Qoriyev esa 1910-yil Yasnaya Polyanaga maxsus borib, Tolstoy bilan bir necha marta muloqotda bo‘lgan”.
Buyuk yozuvchi umrining oxirida – 1910-yilda Yasnaya Polyanani bir umrga tark etib, poyezdda yo‘lga chiqqan. Yo‘lda betoblanib, Ryazan guberniyasidagi Astapovo stansiyasida ahvoli og‘irlashgan. 1910-yil 7-noyabrda stansiya boshlig‘ining uyida vafot etgan. Qabri o‘zi tug‘ilib tusgan Yasnaya Polyanada.