SOVG‘A – BIR YILLIK MEHNAT TA’TILI!
Ameriklik yozuvchi ayol Xarper Li o‘ttiz yoshga kirganida, badiiy ijod bilan jiddiy shug‘ullanishga kirishadi va bir necha hikoya yozib, chop etttiradi. Biroq u kun bo‘yi asar yozib, yozganlarini tahrir qilib, bundan tashqari o‘z ustida izlanib o‘tirolmas edi. Oylik maosh oladigan joyda ishlamasa, uni kim boqadi?
Yozuvchi aviakompaniyada chipta sotish xizmatlarini tashkil etuvchi mutaxassis bo‘lib ishlardi. Albatta, u bo‘sh vaqtlarida asar yozardi. Kuchliroq asar yozish uchun esa ancha-muncha bo‘sh vaqt talab qilinadi.
1956-yilda u adabiy agent topadi. Uning kun bo‘yi ijod qilish orzusini bilgan ikki do‘sti, ya'ni adabiy agentlar Maykl Braun va Joy Vilyams Braun Yangi yil bayramida bir yillik mehnat ta'tili yo‘llanmasini sovg‘a qilishadi. Yozuvchi uchun bu katta baxt edi. Bir yil ishga bormaydi, ijod qiladi va maosh olib turadi. Xarper Li o‘sha yili «Mazaxchining o‘ldirilishi» romanini yozadi. Uch yildan so‘ng roman nashr etiladi va bestsellerga aylanib ketadi. Endi Xarper Li butun dunyoga mashhur yozuvchi edi.
«Mazaxchining o‘ldirilishi» roman bir qancha mukofotlarga, jumladan, 1961-yil Pulittser mukofotiga ham sazovor bo‘lgan. 1999-yilda esa roman “Amerikaning yuzyillikdagi eng yaxshi asari” ro‘yxatiga ham kiritildi.
Xarper Li 2016-yilda 90 yoshida vafot etgan. U kamtarona hayot kechirgan. Shuningdek, oila qurmagan, farzandlari ham yo‘q.