Nega Yevropada kriket jamoasi takbir bilan atalgan?
Angliyada kriket o‘yiniga ancha-muncha qiziqishadi. Vatani ham Angliya hisoblanadi. Ma'lumki, kriket XVI asrda Angliya janubida paydo bo‘lib, XVIII asrda ingliz milliy o‘yinlariga qatoriga kirgan. XIX asrda mashhurlar ham o‘zlarining kriket jamoasini tashkil eta boshladilar. Yozuvchilarning shunday havaskor jamoalardan biri “Allohu akbar” (“Allahakbarries”) deb atalgan.
“Allahakbarries” kriket bo‘yicha havaskorlar jamoasi bo‘lib, tarkibida Angliyaning taniqli yozuvchilari bor edi. Masalan, Redyard Kipling, Gerbert Uells, Artur Konan Doyl, Pelem Vudxauz, Jerom Klapka Jerom, Alan Miln, Jeyms Barri, Gilbert Chesterton, Ernest Xornung va yana boshqa mashhur yozuvchi hamda shoirlar. Mazkur havaskorlar jamoasi 1890-yildan 1913-yilgacha faoliyatda bo‘lgan. Jamoani “Piter Pen” asarining muallifi, yozuvchi va dramaturg Jeyms Barri tashkil qilgan bo‘lib, nomini ham o‘zi qo‘ygan edi. Xorijiy tilga oid jarangdor nom topishga e'tibor qaratgan Barri arablarning “Allohu akbar” deb xitob qilishlariga qiziqib qolgandi. Kimdandir “Buning ma'nosi nima?” deb so‘raganida, arab tilini yaxshi bilmaydigan kishi: “Falak bizga yordam beradi”, deb tarjima qilgan. Jeyms Barri shu nomni tanlaydi. Jamoani qo‘llab-quvvatlash uchun tomoshabinlar o‘zlari bilmagan holda, o‘z talaffuzlarida takbir aytib xitob qilardilar. Jeyms Barri, hatto, 1890-yilda o‘zlarining kriket jamoasi haqida “Allahakbarries S.S.” nomli qirq sahifali kitobcha ham nashr ettirgan edi.
Oradan yillar o‘tgach, “Allohu akbar” degani “falak bizga yordam beradi” ma'nosidagi oddiy so‘zlar emas, balki musulmonlarning Alloh taologa takbir aytishi ekanligi, “Alloh buyukdir” degan ma'noni ifodalashi, bunday takbirni faqat musulmonlar aytishi, uni kriket jamoasi nomiga qo‘yish noto‘g‘riligi tushuntirilgan.
Yevropada bunga o‘xshash holat futbolda ham uchraydi. Ispan tomoshabinlari o‘z jamoalarini qo‘llab-quvvatlash uchun maydonda “Ole-ole-ole!” deb xitob qiladilar. Mutaxassislar bu so‘z arablardan o‘tganini aytishadi. VIII asrda arablar Ispaniyani zabt etishayotganida, “Alloh, Alloh!” deb xitob qilishgan. Keyinchalik ispanlar orasida urfga kirib, talaffuzi o‘zgarib ketgan.