KO‘RINMAS ODAM
yoxud sog‘lom odam ko‘rinmas bo‘lolmaydi
Ko‘rinmas odam haqida ilk bor fantastik yozuvchi Gerbert Uells 1897-yilda “Ko‘rinmas odam” romanini yozgan. Ilmiy-fantastika janriga mansub bu romandagi odamning ko‘zga ko‘rinmas bo‘lib qolish g‘oyasi adabiyot va kinematografiyada yangi sahifa ochdi. Gerbert Uells romani asosida 1984-yilda suratga olingan rejissyor Aleksandr Zaxarovning “Ko‘rinmas odam” filmi sobiq sho‘ro teletomoshabinlarining sevimli filmiga aylangandi. O‘sha yili Buyuk Britaniyada rejissyor Brayan Laytxill bu roman asosida olti seriyali mini-teleserial suratga olgan. Umuman olganda, ko‘rinmas odam haqida ko‘plab filmlar ishlangan: “Ko‘rinmas odam” (1933), “Ko‘rinmas odam qaytmoqda” (1940), “Ko‘rinmas qiz” (1940), “Ko‘rinmas ayg‘oqchi” (1942), “Ko‘rinmas odam qasosi” (1944) va hokazo.
Keyinchalik boshqa yozuvchilar ham ko‘rinmas odam mavzusiga qo‘l ura boshlashdi. Ko‘rinmas odam obrazi turli asarlarda paydo bo‘ldi. Rejissyorlar ham bu mavzuda turlicha filmlar ishlashda hamon davom etmoqdalar. Ba'zi qahramonlar fantastik filmlardagi qurilmalar orqali ko‘zga ko‘rinmay qolishsa, ba'zi komedik filmlarda esa sehrli buyumlar vositasida ko‘zga ko‘rinmay qolishadi.
Olimlar Gerbert Uells romanini muhokama qilib, odam hech qachon ko‘rinmas holatga kelolmasligini isbotlashdi. Birinchidan, ko‘rinmas odam bo‘lish uchun odam ko‘r bo‘lishi kerak. Sog‘lom ko‘zlarni ko‘rinmas holatga keltirishning umuman iloji yo‘q. Ikkinchidan, odamning tanasidagi issiqlik darajasi doim bir xillikni saqlaydi. U dorilar ta'sirida ko‘rinmas holatga kelgan taqdirda ob-havo darajasining daqiqa sayin o‘zgarishi ta'sirida yana ko‘rinadigan bo‘lib qolaveradi.