Bestseller, blokbaster, xit yoxud belletristika
*“Bestseller” inglizcha so‘z bo‘lib, “eng xaridorgir”, “boshqalariga qaraganda ko‘p sotiladigan” ma'nosini anglatadi. Bu ko‘proq adabiyotga oid atama bo‘lib, odatda tez sotiladigan bozorgir kitoblar bestseller deyiladi. Bestseller kitoblar adadi hamma mamlakatlarda har xil hisoblanadi. Bizda besh-o‘n ming dona tez sotilgan holatda bestseller ro‘yxatiga kirsa, Germaniyada sakson ming nusxadan oshishi kerak. Bestseller atamasi faqat kitobga nisbatan emas, boshqa mahsulotlarga, masalan, qo‘shiq disklariga nisbatan ham ishlatiladi.
*“Blokbaster” so‘zi inglizchadan olingan, ma'nosi “kuchli bomba” demakdir. Ya'ni avvallari (asosan, 1942-yildan boshlab) besh yuz kilogrammli yoki bir tonnalik aviabombalar “blokbaster” deb atalgan. “Blok” – mavze, “baster” – buzmoq degani. Samolyotdan tashlangan bitta blokbaster shaharning deyarli bir kvartalini vayron qiladigan darajada xarobalik keltirgan. O‘tgan asrning 70-yillaridan boshlab esa eng ommalashgan, eng ko‘p xarajat qilinib, ko‘p kassa yiqqan filmlarga nisbatan “blokbaster” atamasi qo‘llanila boshladi. Umuman, mazkur atama ham bestseller kabi boshqa sohalarda ham, misol uchun, badiiy kitoblar bozorida ham ishlatiladi. Ammo adabiyotda ko‘proq “bestseller” atamasini qo‘llash urf bo‘lgan.
*“Xit” so‘zi bugungi kunda ko‘proq ommalashgan estrada qo‘shiqlariga nisbatan istifoda etiladi. Odatda, xit-paradlarda birinchilikni qo‘lga kiritgan qo‘shiqlarni “xit” deyishadi. “Xit”, bu – odamlardan tushgan so‘rovlarning o‘lchovi demakdir. Shuning uchun bunday g‘oliblikka erishish uchun qo‘shiq ommalashgan, millionlab odamlar so‘raydigan qo‘shiq bo‘lishi lozim. Albatta, xit-paradda doim birinchilikni olish imkonsiz. Demak, “xit” qo‘shiqlar ko‘p o‘tmay o‘z o‘rnini boshqalariga bo‘shatib beradi. “Xit” atamasi adabiyotga nisbatan qo‘llanishi urf emas.
*Ba'zida “belletristka” atamasini sayoz yozilgan, oldi-qochdi asarlarga nisbatan qo‘llashadi. “Sariq adabiyot” deb ham atashadi. “Belletristika” fransuzcha so‘z bo‘lib, “belles lettres”, ya'ni “nafis adabiyot” deganidir. Bu turdagi kitoblarga ilmiy, lirik she'riy, dramaturgik, hujjatli yoki ilmiy-ommabop asarlar kirmaydi, ularda ko‘pincha qiziqarli voqea, sirli yoki g‘aroyib sarguzasht, biror odamning boshidan kechirganlari hikoya qilinadi. Oddiy aytganda, “belletristka” “ommaviy adabiyot” bo‘lib, keng kitobxonlar ommasini qiziqtiruvchi asardir. U “jiddiy adabiyot”dan shunisi bilan farqlanadi va murakkab badiiy asarlarni, og‘ir o‘qiladigan klassik asarlarni o‘z ichiga olmaydi. Belletristik asarlar sayoz yoki oldi-qochdi bo‘lib qolishi muallifning saviyasiga bog‘liq.