BAYRON VA LERMONTOV: o‘xshashlikmi, qismatmi?
Ikki buyuk shoir Bayron va Lermontov ijodidagi o‘xshashliklar va farqlar haqida ko‘p yozishadi. Buni ikkisining taqdiri misolida ham keltirib o‘tishadi. Hatto Lermontov Bayron bilan qarindoshmi degan gap-so‘zlar ham mavjud. Bunga sabab nima?
Ayrim manbalarga ishonadigan bo‘lsak, Lermont familiyali birinchi odam haqida ma'lumot tarix sahifalarida XIII asrda uchraydi. U Shotlandiyada yashovchi shoir, qo‘shiqchi va bashoratchi Tomas Lermont bo‘lib, Tomas Richman nomi bilan ham mashhur edi. Oradan bir necha asr o‘tib, aniqrog‘i, XVI asrda Jorj Bayronning ajdodlaridan biri – Gordon degan shaxs Tomas Lermontning avlodi bo‘lmish Margaret Lermontga uylanadi. XVII asrda esa Rossiyada asirlikda yashagan poruchik Georg Lermontning tomirlarida Jorj Bayronning ajdodining ham, Tomas Lermontning avlodining ham qoni oqardi. Georg Lermont Rossiya armiyasiga xizmatga kirib, pravoslav mazhabini qabul qiladi va rus yerida yashab qoladi. Uning avlodlarining familiyasiga ruscha “-ov” qo‘shimchasi qo‘shila boshlaydi. Shunday qilib, Mixail Lermontov dunyoga kelganida uning tabiatida Tomas Lermont va Jorj Bayronga xos sifatlar namoyon bo‘ladi. Bu qanchalik haqiqatga yaqin yoki yiroq ekanidan qat'i nazar, ayrim mutaxassislar odamning yuksalishida uning genlari muhim ahamiyatga molik ekanini tasdiqlaganlar.
Endi ikkisining o‘xshashliklariga to‘xtalsak. Lermontov ham, Bayron ham bolalikda qiynalishgan. Lermontov onasiz qolgan, Bayron otasiz. Ikkisi ham zodagonlarning zurriyodlari bo‘lishsa-da, bolaliklarida qiyinchiliklarga duch kelishgan. Yana shuni aytish mumkinki, Bayron to‘liq jismoniy sog‘lom bo‘lib tug‘ilmagan. U oyoq nuqsoni bilan dunyoga kelgani uchun bir umr oqsoqlangan. Lermontov esa tug‘ma ozg‘in, past bo‘yli va xunuk odam bo‘lgan. Ikkalasi ham kelgusida tug‘ilib o‘sgan joylaridan ketishgan. Lermontov Kavkazga surgun qilingan, Bayron qarzlari sababli Angliyani tark etgan.
Balki bular shunchaki tasodifdir, ammo ikki romantik shoirning nafaqat o‘z xalqlari uchun, balki jahon adabiyoti uchun ham buyukligi rost. Bayron va Lermontov ijodi hali-hanuz klassik adabiyotlar safida o‘qiladi, o‘rganiladi, teatr asarlari yoziladi, filmlar suratga olinadi, ilmiy ishlar qilinadi. Ularning suratlari va haykallari esa har doim o‘tmish adabiyotining yuksakligini eslatib turadi.