“QASOS ALANGASIDA”
Kitob nomi: “Qasos alangasida”
Janr: Qissa
Muallif: Rustam Jabborov
Nashriyot: “Ijod-Press”
Kunlarning birida yozuvchi buvisidan qolgan ikkita ko‘hna daftarni qo‘lga kiritadi. Ulardan biri qora, ikkinchisi qizil bo‘lib, ikkalasi ham arab imlosida bitilgan edi. Buvisi bu daftarlar onasidan yodgorlik qolganini, onasiga esa otasidan meros o‘tganini aytadi. Unda nimalar yozilganini arab yozuvini tushunmaydigan qarindoshlar, hatto buvisi ham bilmas edi. Yozuvchi daftarlarni o‘qir ekan, dahshatga tushadi. Bu bitiklar XIX asr o‘rtasida yozila boshlagan ikki insonning kundaliklari edi. Biri Nuriy taxallusli samarqandlik shoir Nuriddin ismli yigitning, ikkinchisi Shahrisabz begining qizi Fotimabonuning daftari edi. Daftarlar bir kishida saqlanayotganidan ham bilsa bo‘lardiki, bitiklar mualliflari tanish va ularning taqdirlari bog‘langan.
Haqiqatan ham shunday bo‘lib chiqadi. Nuriddin Fotimabonuga oshiqu shaydo bo‘lib qolgandi. Biroq visolga erishish uchun o‘rtada yengib bo‘lmas devorlaru ko‘rinmas tog‘lar qad rostlagan edi. O‘sha zamonda Shahrisabz o‘lkasi Buxoro amirligidan ajralib chiqib, yarim mustaqil davlat sifatida yashardi. Buxoro amiri Nasrulloh esa Shahrisabzni zabt etish uchun qayta-qayta hujum qiladi. Amir Nasrulloh haqida keyingi tarixchilar iliq gaplar yozgan bo‘lsa-da, u el orasida xotinbozligi va qonxo‘rligi bilan nom chiqargan edi. Xususan, Qo‘qon xoni o‘z otasining nikohida bo‘lgan, lekin er-xotin bo‘lishga ulgurmagan qizga uylanganini eshitib, “o‘z o‘gay onasiga uylandi” degan bahonada Qo‘qonga yurish qilgani, taslim bo‘lsa teginmaslik sharti bilan shaharni egallagach, Qo‘qon xonini va farzandlarini xonning onasi, ulug‘ shoira Nodirabegimning ko‘z o‘ngida birma-bir o‘ldirgani, hatto beshikdagi bolasini ham qatl etgani xalqqa ma'lum. Bunday xunrezlikka chidayolmagan Nodirabegim amir Nasrullohga achchiq gaplar aytib, yig‘lab qarg‘aganida, g‘azablangan amir avval uning sochlarini, keyin qo‘llarini, so‘ngra oyoqlarini kestirib, azoblab o‘ldirganini ham hamma bilardi.
Afsuski, Shahrisabz begining qizi Fotimabonuni ham achchiq qismat kutmoqda edi. Amir Nasrulloh Shahrisabzni zabt etadi. Fotimabonuni esa...
Barchasini kitobni o‘qiganda bilib olasiz! Shahrisabz begining qizi amirdan qanday qasos olgan edi? Amirning o‘lim oldidan bergan so‘nggi hukmi nega tarixdagi eng dahshatli hukmlar qatoriga kiradi? Shoir Nuriddin bu haqda nimalarni yozib qoldirgan?
O‘qing! Robindranat Tagor, O‘tkir Hoshimov uslublarida har bir bob asar qahramonlari tilidan hikoya qilinuvchi Rustam Jabborovning “Qasos alangasida” kitobidagi qora va qizil daftarlar faryodi! Yovuzlik yashaydi, illo qasos ham barhayot! Har bir ishning hisobi bor, har hisobning sababi!