Bosh sahifa/KITOBLAR/“Ona bo‘ri qasosi”

“Ona bo‘ri qasosi”

“ONA BO‘RI QASOSI”

Kitob nomi: “Ona bo‘ri qasosi”

Janr: Qissa va hikoyalar

Muallif: Tursunmurod Ermatov

Nashriyot: “Ijod-Press”

Voqea Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi tog‘larda sodir bo‘lgan. O‘zbek qishlog‘ida yashovchi Tilov ovchi va Yusuf mergan hamda tog‘ning narigi tomonidagi tojik qishlog‘ida istiqomat qilgan Mirzonor degan yigit hayotlaridan olingan qiziqarli va ibratli voqea qissa syujetini tashkil etadi.

Kunlarning birida Yusuf tog‘ darasida o‘tin terib yurib, miltiqli odamga ko‘zi tushadi. Ikkisi uchrashadi. Notanish ovchi tojik qishlog‘i tomonlardan bu yoqlarga adashib kelgan Mirzonor degan ovchi edi. Mirzonor holdan toygan, yiqilib oyog‘ini lat yedirgan edi. Darada olov yoqib, kaklik pishirib yeydilar va o‘sha kuni ikkisi do‘st tutinadi. Mirzonor yaqinda qishlog‘idagi Zarnigor degan qizga uylanishini, bo‘lajak yori husni malohatda tengsiz ekanini so‘zlab beradi. Yusuf o‘sha sohibjamol qiz kelajakda o‘z xotiniga aylanishini o‘shanda bilmas edi, xayoliga ham keltirolmasdi.

Ko‘p o‘tmay Mirzonor Yusufni ovga o‘rgatadi. Qisqa muddatda Yusuf tajribali ovchiga aylanib, Yusuf mergan laqabini oladi. Yusufning qishlog‘ida o‘sha kezlari Tilov ovchi degan eski ovchi yashardi. Shaharlik tanishlarigayu turli tujjorlarga, tabiblaru oshna-og‘aynilariga buyurtma bo‘yicha arxar, tulki, bo‘ri kabilarni otib berib, pul ishlaydigan ovchining g‘ayirligi tutadi. Nahotki, kechagina miltiq ushlashni bilmaydigan Yusuf bugun tojik qishloqdan do‘st orttirib, katta ovchiga aylandi?

Shunday kunlarning birida Yusuf mergan va do‘sti Mirzonor birgalikda ovga chiqadilar. Mirzonorning to‘yi yaqin edi. Mudhish kechada fojia yuz beradi. Biroq keyingi fojialar hali oldinda edi...

O‘qing! Tursunmurod Ermatovning “Ona bo‘ri qasosi” kitobi! Nikoh kechasida do‘stining o‘rniga go‘shangaga kirgan Yusuf merganga kelinchak nimalar deydi? Qiyomatli do‘sti erisholmagan qizning visoliga yetgan Yusufni nimalar kutib turardi? Tilov ovchiga shaharlik boy qanday halokatli buyurtma bergandi? Bo‘rijarda yuz bergan qonli to‘qnashuv bo‘rilarning o‘chi edimi, taqdir qasosi? “Agar meni desangiz, ovchilikni tashlang!” – Bu gapni ona bo‘ri aytganmidi, suluv qizmi?

Barchasini kitobni mutolaa qilganda bilib olasiz! Shuningdek, kitobdan muallifning “Arvoh yoqqan chiroq”, “So‘qir va bola”, “Farishta qaytgan makon” kabi yigirmata hikoyasi ham joy olgan.

Biz bilan bog‘lanish:
Bizning e-mail:
Bizning manzil:
O‘zbekiston Respublikasi Toshkent shahri Chilonzor tumani Cho‘ponota ko‘chasi, 28-uy
Bosmaxona xizmatlari, nashriyot ishlari, mehmonxona
Sizni kutmoqdamiz!