“MOSHQOVOQ” OPERATSIYASI”
Kitob nomi: “Moshqovoq” operatsiyasi”
Janr: Hajviy qissa
Muallif: Nabijon Hoshimov
Nashriyot: “Ijod-Press”
Bolgariyaning Gabrovo degan qishlog‘i haqida deyarli hamma eshitgan. U yerdagi odamlarning tejamkorlik bobidagi qiziqarli hajviy kechmishlari butun dunyoga dong taratgan. Shuningdek, O‘zbekistonimizning Oltiariq tumanidagilarning ajoyib va g‘aroyib sarguzashtlari, ichakuzar hangomalari ham yozuvchi va shoirlarimiz qalami orqali mamlakatimizda mashhur. Masalan, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning “Donish qishloq” haqidagi hajviy she'rlaridagi Matmusa, O‘zbekiston xalq shoiri Anvar Obidjonning “Shirin qishloq” hangomalaridagi Gulmat kabilarni kitobxonlar yaxshi tanishadi. Voqealar Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani Povulg‘on qishlog‘i va uning atrofida ro‘y beradi. Haqiqatan ham povulg‘onliklarning aksariyati samimiy, sodda, mehribon va oqko‘ngil kishilar.
Ushbu “Moshqovoq operatsiyasi” kitobining muallifi, ko‘plab sarguzasht, mistika, detektiv, jangari janrlardagi kitoblari nashr etilgan yozuvchi Nabijon Hoshimov ham aslida Povulg‘ondan. Shu sabab yozuvchi bolaligidan beri Erkin Vohidov, Anvar Obidjon hajviy asarlarida tasvirlangan insonlarni yaxshi taniydi, biladi. O‘zining “Moshqovoq” operatsiyasi” hajviy qissasi ham real hayotda ro‘y bergan nihoyatda qiziqarli va kulgili bir tarixga asoslanadi. Bu voqea sobiq Sho‘rolar davrida yuz bergan bo‘lib, Anvar patisson laqabli kishining boshidan kechirganlaridir. O‘shanda Davlat xavfsizlik qo‘mitasi (KGB) Anvar patissonga g‘aroyib voqeani yigirma besh yil sir saqlashni buyuradi. Kelishilgan sana tugaydigan kuni Anvar patisson va uning o‘rtog‘i Ne'mat Hoshimov (yozuvchining akasi) Toshkentdan Nabijon Hoshimovni chaqirishadi. Barcha voqealar 2015-yil 10-may sanasida Povulg‘on qishlog‘idagi hovlida, so‘ri ustidagi ziyofatda hikoya qilib berilgan.
O‘qing! Hajviy asarlari bilan mashhur Nabijon Hoshimovning “Moshqovoq” operatsiyasi” kitobi! Bo‘lgan voqealar! O‘shanda patisson (o‘zbek tilida “moshqovoq” deb ataladigan, asosan tuzlama uchun yetishtiriladigan sabzavot) nafaqat Farg‘onada, balki O‘zbekistonda ham keng tarqalmagan davrlar edi. Dehqonlar uni qanday yetishtirishni bilmasdilar. “Patisson” laqabini olgan Anvar aka o‘sha kezlari rus ishchilarning qiziqtirishi ortidan tomorqasiga patisson ekadi. Patissonni noto‘g‘ri parvarishlash qanday oqibatlarga olib kelishini esa hali bilmas edi...
Ichakuzar hangomalar boshiga tushgan beg‘ubor insonlarning qiziqarli sarguzashtlari “Moshqovoq” operatsiyasi” kitobida!