Bosh sahifa/MUALLIFLARIMIZ/Ma'mura Zohidova

Ma'mura Zohidova

Ma'mura Zohidova

Ma'mura Zohidova 1973-yil Namangan viloyati Chust tumani G‘ova qishlog‘ida tavallud topgan. 1981–1991-yillarda tumandagi 12-o‘rta maktabda o‘qigan. Maktabni oltin medal bilan tamomlagach, 1992–1997-yillarda Namangan davlat universitetining O‘zbek tili va adabiyoti fakultetida tahsil olgan.

Universitetda ta'lim olish bilan birga 1992-yilda 12-o‘rta maktabda ona tili va adabiyot o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan. Universitetni bitirgach, avval o‘rta maktabda, keyinchalik kollej va NamMPI akademik litseyida ona tili va adabiyot o‘qituvchisi, davlat tilida ish yuritish, nutq madaniyati, o‘zbek tili, milliy istiqlol g‘oyasi, xodimlarni boshqarish kabi fanlardan dars bergan.

2009-yilda oilasi bilan Toshkent shahriga ko‘chib kelgan. Mirobod tuman Xalq ta'limi muassasalarini metodik ta'minlash bo‘limi filologiya fanlari metodisti, O‘zbekiston Qurolli kuchlar Akademiyasi Chet el jang-jangovar taktikasini o‘rganish va tatbiq etish bo‘limida ilmiy xodim va tarjimon, o‘quv bo‘limi boshlig‘ining katta yordamchisi vazifalarida faoliyat ko‘rsatgan. 2017-yildan esa O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida ishlab kelmoqda. Dastavval Axborot-tahlil kotibiyati yetakchi mutaxassisi, keyinchalik Yozuvchilar uyushmasi O‘quv-metodika va harbiy-vatanparvarlik bo‘limi boshlig‘i bo‘lgan.

Ilk she'ri 4-sinfda o‘qib yurganida “Lenin uchquni” (hozirgi “Tong yulduzi”) gazetasida chop etilgan. 1987-yilda mazkur gazetada e'lon qilingan “Onajonim – tabiat” tanlovida g‘olib deb topilgan va rag‘batlantirilgan.

2000-yilda “Sog‘lom avlod yili” munosabati bilan Respublika miqyosida o‘tkazilgan “Ijodkor o‘qituvchilar anjumani”ning tuman va viloyat bosqichlarida 1-o‘rinni egallab, Respublika miqyosidagi “Ijodkor o‘qituvchilar anjumani”da ishtirok etgan. O‘quv va metodika, harbiy vatanparvarlik sohasidagi xizmatlari uchun Respublika Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan “Ma'naviy-ma'rifiy ishlar a'lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. Pedagogik salohiyati va tajribasi bilan ona tili va adabiyot darsliklarini mukammallashtirishda faol ishtirok etgani uchun Respublika ta'lim markazi Ilmiy-metodik Kengashi a'zosi sifatida o‘z takliflari bilan Kengash ishida qatnashib keladi.

Uning yosh avlod tarbiyasi, badiiy adabiyotimiz, tilimizning o‘rganilishi masalalariga bag‘ishlangan 50 dan ortiq tanqidiy maqolalari e'lon qilingan. “Bobur lirikasida estetik tarbiya masalalari talqini”, “Lotin alifbosidan kimlar qo‘rqadi?..”, “Darslikdagi xatolar”, “Darsliklar mukammal bo‘ladimi?”, “Boychechak – bahor qo‘shig‘i emas”, “Imlo lug‘atining o‘zida xato bo‘lsa...”, “O‘quv markazining maqsadi: ko‘proq abituriyent kelsin”, “Harbiy atamalar qaysi tillardan o‘zlashgan?”, “Til millatning ruhi bo‘lsa...”, “Tilimizning jilosini avvalo tilshunoslar ko‘rsatishsin”, “Mening tig‘ tilgan tilim...”, “Adabiyot ko‘chirmachilikni kechirmaydi”, “Iste'dodsiz bola yo‘q” kabi maqolalari respublika nashrlarida chop etilib, ko‘p bahslarga sabab bo‘lgan.

Ma'mura Zohidova O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi. She'rlari “Muborak damlar” to‘plamiga kiritilgan. “Hikoyalar” (2009), “Aytilmay qolgan gaplar” (“Namangan”, 2013), “Najot kuyi” (“Mashhur-press”, 2017), “Buloqli mozor siri” (“Ijod-Press”, 2018) kabi she'riy va nasriy to‘plamlari nashr etilgan. 2018-yilda chop etilgan “Nur yog‘ilgan yurt odamlari” nomli kitob-albomga, shuningdek, boshqa turli bayozlarga she'rlaridan namunalar kiritilgan. 2021-yilda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Adib va jamiyat” ruknida “Manglaydagi yoziq” qissalar to‘plami “Adabiyot” nashriyotida nashr etilgan. It tilidan yozilgan “Sadoqat” qissasi faqat O‘zbekistonda emas, xorijda ham shuhrat qozongan. Bolalar tarbiyasi va ta'limidagi xatolarga hamda ko‘rinmas fojialarga bag‘ishlangan “Boychechak” qissasi ham adabiyotshunoslikda alohida e'tirof etilgan.

Ma'mura Zohidovaning qissa va hikoyalari ingliz, rus, turk va qozoq tillariga tarjima qilingan. Ayrim mutaxassislarning e'tirof etishicha, Ma'mura Zohidova hozirgi zamonaviy o‘zbek adabiyotida qissa va hikoya janrlari bo‘yicha ijod qilayotgan xotin-qizlar orasidagi eng muvaffaqiyatli yozuvchidir.

Biz bilan bog‘lanish:
Bizning e-mail:
Bizning manzil:
O‘zbekiston Respublikasi Toshkent shahri Chilonzor tumani Cho‘ponota ko‘chasi, 28-uy
Bosmaxona xizmatlari, nashriyot ishlari, mehmonxona
Sizni kutmoqdamiz!