JO‘RAXON SULTONOV: “Ko‘kardi chaman, gul'uzorim qani?”
Kitob nomi: “JO‘RAXON SULTONOV: “Ko‘kardi chaman, gul'uzorim qani?”
Janr: Risola (ilmiy-ommabop nashr)
Mualliflar: Sultonali Mannopov, Nabijon Soliyev
Nashriyot: “Ijod-Press”
Risolada hofizlik san'ati sarbonlaridan biri, Farg‘ona vodiysida “hofizlar sultoni” deb nom olgan, “O‘zbekiston xalq hofizi” unvoni hamda “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi Jo‘raxon Sultonovning hayoti va ijodiy yo‘li haqida hikoya qilinadi. Risolada o‘sha davr madaniyati va san'atining ma'naviy-ruhiy olami, o‘ziga xos xususiyatlari yoritib berilgan. Kitobni o‘qir ekansiz, buyuk hofizning bolalik, yigitlik, san'at olamida charog‘on yulduz bo‘lib porlagan onlaridagi kechmishlari bilan tanishasiz. Ikkinchi jahon urushi, Eron shahzodasi bilan uchrashuv, Katta Farg‘ona kanali barpo etilishi, ko‘plab gastrollar, o‘z davrining boshqa ulug‘ san'atkorlari bilan muloqotlari-yu ijodiy hamkorliklariga shohid bo‘lasiz.
Risola nafaqat ilmiy-ommabop xarakterga ega, balki Jo‘raxon Sultonov hayotining achchiq va shirin, mashaqqatli va ibratli jihatlari ham mahorat ila yoritib berilgan. Birgina “O‘zgan fojiasi” bobini o‘qir ekansiz, unda tragediya, roviylik, hikoyanavislik bilan birga, hatto detektiv janriga xos unsurlar ham ko‘zga tashlanadi. “O‘zgan fojiasi” mavzusi shunday: aka-uka – Sotvoldi va Jo‘raxon ulg‘ayib yigitlik yoshiga yetganlarida, avval Sotvoldini uylantirish tashvishiga tushadilar. Sotvoldi to‘y uchun O‘zgandan guruch olib kelishga ketadi. Oradan bir hafta o‘tsa ham daragi chiqmaydi. Ota-onaning ko‘zlari yo‘llariga nigoron bo‘ladi. Surishtiruvlardan so‘ng O‘zgandagi qarovsiz bog‘dan bir musofirning murdasi topilgani, uni pichoqlab o‘ldirishgani, el mayitni mahtal qilmay ertasiga dafn etgani xabarini topadilar. Sotvoldidek qori yigit ovloq bog‘da nima qilib yurgandi? Farg‘onadan O‘zgan bozoriga kelgan yigitni kim aldab chekka joyga chaqirdi? Qotillar kim?.. Mudhish xunrezlik yopig‘ligicha qoladi. Adoyi tamom bo‘lgan ota-ona Sotvoldining unashtirilgan yorini Jo‘raxon Sultonovga olib bermoqchi va azadan mung‘aygan xonadonda to‘y qilmoqchi bo‘lishadi…
O‘ylaymizki, ushbu risola siz – aziz sa'nat ixlosmandarini befarq qoldirmaydi. Shu bilan birga oddiy kitobxonlarda ham katta qiziqish uyg‘otadi.
Risola Farg‘ona davlat universiteti ilmiy kengashining 2018-yil noyabr oyidagi 5-sonli qarori bilan nashrga tavsiya etilgan.