Bosh sahifa/INTERVYU/Intervyu-4

Intervyu-4

“QIL USTIDAGI TAQDIR”NING DAVOMINI SO‘RASHGANIDA VIJDONIM QIYNALARDI...”

– Uzoq yillardan buyon turli asarlar bilan o‘quvchi qalbidan joy olib kelyapsiz. Shular orasida  "Qil ustidagi taqdir" asari o‘zgacha o‘rin egallasa kerak?

– Bu asarim barcha kitoblarim reytingida birinchi o‘rinda turadi. Boshqacha aytganda, eng ko‘p o‘qilgan kitoblarimning uchtalik reytingi tuzilsa, birinchi o‘rinni “Qil ustidagi taqdir”, ikkinchi o‘rinni “Musofir go‘dak qismati”, uchinchi o‘rinni “Sariq yaproqlar” ishg‘ol etadi. Biroq bu reyting bestsellerlik bo‘yicha tuzilgan nisbiy ro‘yxat desak to‘g‘riroqdir. Masalan, “Yo‘qolgan qizdan maktublar” nomli kitobim oxirgi yillarda “Qil ustidagi taqdir”dan ham ko‘p so‘raldi. Bu internetda undan parcha tarqalib, reklama vazifasini bajargani bilan bog‘liq. Yoki “Qora libosli kelinchak”, “Ilong‘or podachisi”, “Afsun” kabi hikoyalar to‘plamimga qiziqadiganlar “Qil ustidagi taqdir”dek oltita kitobdan iborat ulkan sarguzashtnomani o‘qimagan bo‘lishlari mumkin. Ularga boshqa kitoblarim, masalan, sarguzasht, detektivlar emas, jiddiyroq hikoyalarim yoqadi.

35 (3)

– Bilishimcha, bu asar yozilganiga o‘n besh yildan oshdi? Nimadan ilhomlanib yozgansiz?

– “Qil ustidagi taqdir” mening birinchi qissamdir. Ungacha faqat hikoyalar, hajviyalar, she'rlar yozganman. 2007-yilda men ishlaydigan Samaqanddagi gazeta xo‘jayini o‘z xonasiga chaqirdi. U yerda Akbar aka degan odam ham bor edi. Gazeta xo‘jayini Akbar akani ko‘rsatib, “bu odam bir ayolning hayotini gapirib beradi, uni gazetamizga davomli qissa qilib yozasiz, tirajni oshirishimiz kerak”, dedi. Umrimda ilk bor katta janrga – qissaga qo‘l urdim. Asar muvaffaqiyatli chiqdi va meni odamlar “Qil ustidagi taqdir”ning muallifi sifatida taniy boshlashdi. O‘shanda “Qil ustidagi taqdir” 40 ta qismdan iborat bo‘lishini rejalashtirgandim. Ammo hozirgacha 14 ta qism 6 ta kitob bo‘lib nashr etildi. “Darakchi” gazetasi chop etmoqchi bo‘layotgan 15-16-qismlar “Qil ustidagi taqdir”ning 7-kitobi hisoblanadi. Ilhom bergan voqeliklar, bu – qiziqarli syujet, qissa yozishni uddalashga intilish havasi, davomiga bo‘lgan qiziqishlar.

40 (8)

– Oradan shuncha yil o‘tib, yana bu asarni davom ettirishga sizni nima undadi?

– “Qil ustidagi taqdir”ning 1-qismi 2007-yilda yozilib, gazetada chop etilgan bo‘lsa, 1-kitobi 2011-yilga kelibgina “Dizayn-Print”da kitob holida nashr etildi. Ya'ni 1-kitobiga qissaning uchta qismi kiritilgan. Shu tariqa 6 ta kitobga ikki-uchtadan jami 14 ta qismi joylashtirilgan. O‘sha oxirgi 6-kitob 2015-yilda “Ijod-Press” nashriyotida nashr etilgach, yetti yillik tanaffus boshlandi. Sababi, har gal asarni davom ettirishni boshlaganimda, yo boshqa ishga o‘tib ketardim, yo boshqa asarimni yozishni boshlardim. Ayniqsa, kinoda ishlab yurganimda “Qil ustidagi taqdir”ni davom ettirishga umuman imkon qolmadi, senariylardan bo‘sh vaqt topolmadim. Kitobxonlar esa har doim uning davomini so‘rashganida vijdonim qiynalardi. Har kuni ishdan horib-tolib uyga qaytib, telegramga kirganimda, ko‘plab kitobxonlarim uning davomini so‘rashgan bo‘lardi. Nima deyman? Davomini yozishga yoki eskilarining pdf shaklini tashlab berishga vaqt bo‘lish tugul ovqat yeyishga, uxlashga zo‘rg‘a vaqt topardim. Ularga xuddi yolg‘onchidek ko‘rinardim. Aslida men ishlamasam bo‘lmasdi. Ijod bilan kun ko‘rish uchun yo homiy kerak, yo o‘ziga to‘q, insofli tashkilot imkon yaratib berishi lozim. Yillar o‘tib, mana, 7-kitobni yozishga yana imkoniyat keldi. Buning uchun “Ijod-Press” nashriyotidan, “Darakchi” tahririyatidan va “Sevimli” telekanalidan minnatdorman.

41 (10)

– II mavsumda Lobar va Shomil birga qolishadimi? O‘quvchilarimizga kichik sirlarni ochsangiz...

– Ularning ikkisi ham aslida jinoyatchilardir. Jinoyatchilar esa hech qachon baxt topolmaydilar. Agar qayerdadir jinoyatchilar baxtli yashayotganini ko‘rsangiz, demak, ular mohiyatan jinoyatchi emas, ularni yetishtirib bergan jamiyat jinoyatchidir. Shunday ekan, II mavsumda Lobar va Shomil birga qolib, baxtli turmush qurishmaydi. Garchi serialimdan “kriminal romantika” janri unsurlari ufurib tursa-da, bunday bo‘lmaydi. Nima uchun? Chunki ular bir vaqtlar baxtli yashash imkoni bo‘la turib, foydalanishmagan. Endi ikkisini ham bir umr jinoyat olami ko‘lankasi ta'qib qiladi. O‘la-o‘lgunlaricha.

44 (13)

–  Ijodkor sifatida ijodiy ishlaringiz har doim ham yaxshi baholanadimi? Masalan teleserial yoki badiiy film uchun sotib olingan hikoya-qissalaringizga ko‘ngildagidak haq olasizmi?

– “Yaxshi baholanadimi” deb moliyaviy masalalarni aytyapsizmi? Turli davrlarda turli prodyuserlarga, rejissyorlarga, turli studiya va telekanallarga duch keldim. Seriallarning bitta seriyasi senariysi narxi bir million so‘mdan oshadi. Xorijda serialning bitta seriyasi 20-30 kunda 50-60 daqiqalik xronometrajli qilib yozilsa, bizda har bir seriyaga uch-to‘rt kun vaqt beriladi, xolos. Biroq hammadan ham o‘sha gonorarni o‘z vaqtida ololmaganingiz alam qiladi. Ishonchsiz odamlar juda ko‘p. Uch yil ichida jami ko‘rilgan zararim, ya'ni aldovlar tufayli vujudga kelgan gonorarsiz qolib ketish yig‘indisi yigirma million so‘mdan oshgach, o‘zimga ish axtardim va shu yil avgust oyida “Ijod-Press” saytiga ishga o‘tdim. Ungacha uch yil mobaynida gonorarlar hisobiga juda yaxshi yashadim. Bizda film yoki seriallar uchta joyda ishlab chiqariladi: O‘zbekiston Kinematografiya agentligi, “O‘zbektelefilm” va uchinchi sektor, ya'ni barcha xususiy studiyalaru telekanallar. Davlat tashkilotlari va telekanallar qonuniy ishlaydi, aldov bo‘lmaydi, ammo og‘zaki kelishib ishlaydigan xususiy tashkilotlar, prodyuser va rejissyorlar orasidagi ayrimlaridan ehtiyot bo‘lish kerak. Yanada boshqacha aytsak, adabiyotdagi qalam haqidan kinoning qalam haqi kamida o‘n baravar ko‘p. Shuning uchun hech qayerda ishlamay, faqat yozuvchilik bilan yashashning iloji yo‘q, ammo senariychilik bilan yashasa bo‘ladi.

45 (24)

– Siz juda ko‘p tanqidga uchraydigan ijodkorlardan birisiz. Buning sababi nimada deb bilasiz?

– Lug‘at tarkibidagi cheklanish, voqealar sonining me'yordan oshishi kabi omillar uchun tanqid qilishadi. Ilk bor gazetaga ishga o‘tganimda, ishqiy sarguzashtlar ham yozganman. O‘tmishdagi o‘sha asarlar uchun ham tanqidlar eshitganman. Umuman olganda, bizda tanqid qilinishi kerak bo‘lgan yozuvchilar ko‘p. Oddiylar orasida ham, matbuotda maqtaladigan unvondorlar orasida ham. Men ulug‘ asarlar yozolmaganim kabi ular ham Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Oybek, Tog‘ay Murod, O‘tkir Hoshimov darajasiga chiqolmadilar. Yozganlari “chiroyli o‘ramiyona” ekanini tan olishlari darkor. Yevropa adabiyotidan “havo” o‘g‘irlab yozilgan ayrim asarlarni ham o‘zbek adabiyotida yangilik deb atash nojoiz. Kim buyuk yozuvchi bo‘lib yetishsa, adabiyotning o‘zi vaqti-soati kelganda aytadi. Yollanma professorlarga taqriz yozdirib, o‘zini o‘zi maqtash bilan ish bitmaydi. Davlatdan uy, medal, unvon olib, ishi yurishib ketgan yozuvchilarning rostdan ishi yurishgandir, ammo ijodi emas. Haqiqiy ijodkorni dunyo yo bestsellerlik bo‘yicha, yo klassika bo‘yicha taniydi. Ikkisida ham yo‘qmi, demak, davlat ularga sarflagan pullar umrlarini xotirjam o‘tkazish uchun berilgan nafaqa o‘rnida deb qabul qilinadi.

33 (30)

– Oilangiz, shaxsiy hayotingiz ham ommaga qiziq...

– 45 yoshdaman. Xotinim mendan sakkiz yosh kichik. 2004-yilda oila qurganman. 2005-yilda qizim, 2008-yilda o‘g‘lim tug‘ildi. Bulung‘urdan Samarqandga, Samarqanddan Toshkentga, Toshkentdan Chirchiqqa ko‘chib keldim. Hozirda Chirchiq shahrida yashayman. Eng quvonchlisi, yaqinda, ya'ni kenjam tug‘ilganidan o‘n to‘rt yil o‘tib yana farzandli bo‘ldik. Hozir chaqalog‘imiz bor. Sinfdoshlarim quda-andali, nevarali bo‘lishayotgan shu damlarda men chaqalog‘imizni sog‘inib uyga shoshilaman. Ishoning, bu boshqacha baxt!..

Mohigul Diyorxo‘jayeva suhbatlashdi.

Manba: “Darakchi” gazetasi, №48. 1.12.202

Biz bilan bog‘lanish:
Bizning e-mail:
Bizning manzil:
O‘zbekiston Respublikasi Toshkent shahri Chilonzor tumani Cho‘ponota ko‘chasi, 28-uy
Bosmaxona xizmatlari, nashriyot ishlari, mehmonxona
Sizni kutmoqdamiz!