Bosh sahifa/INTERVYU/INTERVYU 2

INTERVYU 2

 

KO‘ZDAGI YOSH, DUODAGI TOSH

yoxud imonsizga erk bersang, elni talar

 

Suhbat mavzusi:

– Yigirma besh jildlik tarixiy-badiiy epopeya yozib, dunyodagi eng yirik asar muallifiga aylangan o‘zbek yozuvchisi bu haqda nimalar deydi?

– “Amazon”dagi o‘zbek yozuvchilari ichida ingliz tilida eng ko‘p o‘qilayotgan milliy va umumiyinsoniy asil yozuvchining yangi asarlari...

– Nima uchun Nurali Qobul ijodi haqida o‘tmishdagi va  bugungi adabiyotshunoslik sukut yo‘lini tanlagan? Nimani kutishmoqda? Buyruqnimi?

–  Shunday yozuvchiga “xalq yozuvchisi” unvoni berilmaganining sababi nima? Qahramonlar kimdan qanday yasaladi va unvonlar kimga berilishini kim belgilaydi?

– “Mustaqillikni mustarqullikka aylantirgan marhum rahbariyat va zehniyat” tushunchasi. Stalin davrida ham kuzatilmagan yangicha qatag‘on...

– Kimlar “qora ro‘yxat”da? “Qora ro‘yxat” nima o‘zi? Nega yozuvchi-shoirlarning ma'naviy qotillari aynan yozuvchi-shoirlar bo‘ladi?..

– Hur bo‘lmagan xalq xor bo‘ladimi?

– O‘zingdan zo‘rlar chiqsa, ko‘zingdan sho‘rlar chiqar.

9

Suhbatdoshimiz – Xalqaro Chingiz Aytmatov va RSFSR Xalqaro filologiya akademiyalari akademigi, xalqaro Ahmad Yassaviy, Maksim Gorkiy va Boris Polevoy mukofotlari laureati, bugungi kunda kitoblari eng ko‘p o‘qilib, eng ko‘p nashr etilayotgan va asarlari bo‘yicha ilmiy ishlar yozilayotgan yozuvchi, shoir va tarixchi Nurali QOBUL.

 

– Nurali aka, oxirgi paytlarda Sohibqiron Amir Temur va temuriylar haqida yozilgan yigirma besh jildlik “Temuriylar” epopeyangizning o‘n sakkiz jildi nashr etilib, xalqimiz buyuk sarkarda haqida avval bilmagan ko‘p haqiqatlardan xabar topdi. Nega ijodni tarixiy asarlar yozishdan boshlamagansiz? Epopeya nashri tugasa, Ginnes rekordlar kitobiga kirasiz shekilli?

– Agar bu savolingizni ustozi a'zam Lev Nikolayevich Tolstoyga berganingizda, “Men Birinchi jahon urushining dahshatli, qonli voqealariga guvoh bo‘lmay turib “Urush va tinchlik”ni yoza olmasdim” deb javob berar edilar. Bitikchi o‘z xalqining, insoniyatning qalbi va imonini larzaga keltirgan tarixiy voqealarni boshidan kechirmay turib, tilga olganingiz mavzuga jur'at eta olmas ekan. Darajasidan qat'i nazar ijodkorning bolaligi va kechmishi uning asarlarida aks etadi. Bunday yozuvchilik biografiyasisiz u kitob o‘qib yozadigan yozarga aylanib qoladi. Siz men tarjima etganim ustoz Chingiz Aytmatovning “Bolaligim” asariga muharrirlik qilgansiz. Ana shu fojiali kechmish va bolalik insoniyatga Chingiz Aytmatovdek ulug‘ yozuvchi hamda shaxsni bergan. Hayotni tom ma'noda chuqur va teran anglash tajribasi-yu insoniylik iqtidori bilan haqiqiy yozuvchilik iste'dodi birlashib uyg‘unlashganda asil san'at asari dunyoga keladi. Buni rus tilida “jiteyskiy talant” va “pisatelskiy talant” deyishadi. Dostoyevskiyning bir fikrini xotirlang: “Kamolotga erishish uchun oldin ko‘p narsalarni tushunmagan bo‘lish kerak! Agar juda tez tushunib yetadigan bo‘lsak, unda chala tushungan bo‘lib chiqamiz”. Daho yozuvchi aslida o‘zi va raqibi Lev Tolstoy bosib o‘tgan azob-uqubatli hayot yo‘li haqida so‘ylagan edi.

4

– O‘z vaqtida o‘n milliondan ortiq nusxada chop etilgan “Tubsiz osmon” qissasining “Oq kema”dan, “Salom, tog‘lar”ning “Jamila”dan kamligi yo‘q. Bu mutaxassislar va adabiyotni anglagan o‘quvchilarning fikri. Bu haqda ustoz Chingiz Aytmatov akademik Baxtiyor Nazarov va o‘zingizga aytganlarini bilamiz. “Yunost” jurnali tarixida bir yil mobaynida ikki yozuvchi – siz va Anatoliy Aleksinning ikki yirik asarini sakkiz millionga yaqin nusxada chop etgan. “Tubsiz osmon” qissasi Ittifoq bo‘yicha yilning eng yaxshi asari deya tan olinib, Boris Polevoy mukofoti bilan taqdirlangan. “Yoshlik” jurnalida Matyoqub Qo‘shjonov va Umarali Normatov bu haqda yuksak hayajon bilan yozgan edilar. Biroq sizning bu betakror asarlaringizga adabiyotshunoslikning “sukuti” hamon davom etayotganday...

– Bizda kimni maqtash va kimni maqtamaslik azaldan tepadagi to‘rtta to‘ra tomonidan rejalashtirilib, plan va sotsialistik majburiyat asosida amalga oshirilgan. Dostoyevskiyning “Всегда в истории России послушные собаки были в почёте” degan fikrini eslang. Sovet davrida bitta Komilov degan senzor bo‘lar edi. Mustaqillikni mustarqullikka aylantirgan marhum zehniyat va rahbariyat zamonida barcha gazeta, jurnal, nashriyot va teleradio tahririyatlarining rahbarlari senzor Komilovga aylantirildi. Hatto “Mahalla” degan gazetaning tepasida turgan kishi ham o‘ziga senzor. Bu xastalikdan hali-beri qutuladiganga o‘xshamaymiz, chamasi. Hamon ko‘plab ijodkorlar rasmi-yu norasmiy gazeta va jurnallarga yaqinlashtirilmaydi, nomlari o‘chiriladi. Undan tashqari ma'naviyatimizda “milliy adabiyot va san'atni biz yaratmoqdamiz” deya da'vo qiluvchi, ulusning tub manfaatlaridan uzoq, aslida ich-ichdan unga qarshi bo‘lgan mayda, mahalliychi guruhlar borki, ularning ishi suvni loyqalatib, baliq ovlamoqdan iborat. Bu urug‘chi, qavmu qabilachi to‘dalarning ajdodlari o‘ttizinchi yillar qatag‘onida bolshevikchi terrorchilar bilan til biriktirib, Ikromovu Xo‘jayev, Qodiriyu, Cho‘lpon, Elbeku Botu va ko‘plab asil vatanparvarlarning joyini solishgan. O‘rgangan ko‘ngillar esa o‘rtansa-da qo‘ymas. Bugungi kunda Qodiriy haqidagi filmdan kinokompaniya va tepadagi to‘ralarga yoqmagan yozuvchilar kesib tashlanib, Qodiriy qismati ravo ko‘rilgani buning isbotidir. Ular hamon faoliyatdalar va hech kimning haq etgan o‘rnida bo‘lishini istamaydilar. Bu maydakash mahalliychilar o‘zlari bosh bo‘lgan tashkilotning farroshu qorovulligiga ham begonalarni yo‘latishmaydi. Raqibu noxayrixohlarning xayollari ham yetmayajak ishlarni uddalaganingizda, ular ko‘ru karu gungga aylanadilar. Haqiqiy ijodkor bunday munosabatlarga sovuqqonlik-la, sukut-la javob bermog‘i kerak. Yozuvchidagi asil madaniyat va asil axloqu tarbiya muloqotda shuni ijob etadi.

Bilasiz, men tesha tegmagan ota so‘zlarni dur kabi terib yurishni va boyitishni yaxshi ko‘raman. Sulton tanigan it suyaksiz qolmas, tanib tan olmagan tayoqsiz qolmas. Bizdagi aksar tirikchilik tulki quyrug‘ini, nodon urug‘ini maqtar va ahmoq o‘zini ovutar, qo‘ltig‘ini sovutar qabilida...

So‘zni uzatmay savolingizga nazmiy bir bitik bilan yakun yasasak...

 

Qassob bezi bo‘larkan,

Farosatda ust bo‘lsang.

Siltab suyak tashlarlar,

Ki alardan past bo‘lsang.

 

Tutantiriq etarlar,

Kamtar, xoru xas bo‘lsang.

Yag‘ir xachir sanarlar,

Asil tulpor, asp bo‘lsang.

 

Ustoz nahslar quturg‘ay,

Sadoqatli nahs bo‘lsang.

Zulm o‘ngida susgan,

Shaytoni abas bo‘lsang.

 

Avloding ham ters tushar,

Bandai nokas bo‘lsang.

Yetti manzil qocharlar,

Gar faqir Yofas bo‘lsang.

 

Duch kelganki tuyrilar,

Behayo, betus bo‘lsang.

Qildan qiyiq izlarlar,

Bir insoni xos bo‘lsang.

 

Ot o‘g‘risi yasarlar

Xalifa Abbos bo‘lsang.

6

– “Tubsiz osmon”, “Salom, tog‘lar”, “Bug‘doy pishig‘iga yetmaganlar”, “Bo‘ri ovi” kabi betakror asarlaringizdek qissalar yozadigan, o‘z davri falsafasi va tabiatini kuylaydigan adiblar yetishib chiqishi uchun qanday maslahatlar berasiz?

– Maslahat berish bilan pichoqqa ilinadigan bitiklar bitish mumkin bo‘lganida edi, yozuvchilikka da'vogarlarning juda ko‘pi haqiqiy yozuvchiga aylanishardi. Har yili jurnalistika fakultetlarini yuzlab, balki minglab talabalar bitirib chiqishadi. Biroq ular orasidan ne qadar tuzuk-quruq jumla tuza oladiganlari borligini yaxshi bilsangiz kerak. Adabiyot ham ko‘pkariga o‘xshash bir tirikchilik. Minglab chavandoz tulporu cho‘bir qamchilaydi-yu, besh-o‘ntasigina uloqni ilib ketadi. “Tula guberniyasida hozir qirq nafar SSSR Yozuvchilar uyushmasining a'zosi bor, ilgari faqat Lev Nikolayevich Tolstoy bo‘lgan” degan naqlni eslang.

5

– Naim Karimovning shunday gapi bor: “hamma yozuvchilarda ham bo‘ladigan holat: ayrim asarlari “yoshini yаshab, oshini oshab” bo‘ladi, ayrimlari boqiy umr ko‘radi. Ya'ni bu gap sovet davrida ijod qilgan adiblarning ayrim zamonasoz asarlarining “urfdan qolgani” ko‘zda tutib aytilgan. Siz Sho‘rolar davrida ijodni boshlab, o‘sha davrda tanildingiz. Nega ayrim zamondoshlaringiz kabi sotsialistik realizmga mukkasidan ketmadingiz?

– Qo‘liga qalam olib vijdonu imonini o‘rtaga, boshini esa kundaga qo‘yib, haqu haqiqat, adlu adolat ila odamlarga nimanidir aytaman degan haqiqiy ijodkor hayot haqiqati, ya'ni realizm quldorlik, feodalistik, sotsialistik va kapitalistik bo‘lmasligiga aqli idroki yetmasa, bu ishga kirishmagani ma'qul edi o‘sha damlarda. Odatda gazetani necha soniya yoki daqiqa o‘qisangiz, o‘sha nashr shuncha muddat yashagan bo‘ladi. Hurmatli olimimiz tilga olgan asarlar aynan gazeta lavha va ocherk kabi o‘tkinchi haqiqat, adabiyotu san'atga aloqasi yo‘q bitiklar bo‘lgan degan xulosaga kelish mumkin. Ular o‘tkinchi, notabiiy g‘oya va e'tiqodlarga “xizmat” qilganliklari uchun ham o‘tkinchi bitiklarga aylangandir. Hatto nasr ustasi deb bilganimiz Qahhorning “Sarob” romani ham aslida millatga qarshi yozilgan bitik. Ozod Sharafiddinov haqsiz ravishda bu bitikni “O‘tkan kunlar”dan keyingi ikkinchi roman deydi.

7

– Sohibqiron Amir Temur bobomiz haqida asar yozish keyingi davrda “ommalashmoqda”. Biroq Temur shaxsi va zamonasini haqqoniy aks ettirish oson emas. Sizning yigirma besh jilddan iborat epopeyangizda Temur shaxsiyati va davri g‘oyat ishonchli, haqqoniy tarzda ochib berilgan. Bugungi kunda Temur mavzusida ijod qilayotganlarga munosabatingiz...

– Eng g‘alatisi, Buyuk Temur haqida har qanday afsonayu rivoyatsifat, oldi-qochdi yozuvlarni chop etsangiz-da, uni tala-tala qilib sotib olishmoqda. Bu bitiklarning to‘g‘ri va yaxshi yozilgani uchun emas, balki Buyuk Jahongirga bo‘lgan olti yuz yillik sog‘inch hamda e'tiqodning, ulusimizning bosh milliy qahramoniga bo‘lgan cheksiz ehtiromining e'tirofidir. Biroq oldingi bir suhbatda aytganimdek, ilmiy, asosli temurshunoslikni temirchilikka aylantirib, bu buyuk shaxsdan Vladimir Lenin yasashga urinmaslik kerak. Har bir mavzuga Temurni tiqishtirib kanditatu doktorlik yoqlab, uni tirikchilik vositasi deb bilmaslik lozim. Biz bilgan Temurni dunyo tarixchilari ham biladilar. Ularga kulgi bo‘lmasligimiz darkor. O‘zim bu mavzuda yozganligim uchun ushbu xususda so‘zlashim noqulay. Siz nazarda tutgan buyurtma bilan bitilgan qator bitiklar muallifidan burun “oshini oshab, yoshini yashab” bo‘ldi chog‘i. Qolaversa, bu ish kechmishda yurt va vatanning asil hamda tub milliy manfaatlaridan yiroq kishilarga topshirib qo‘yildi. Bir kuni Sharqshunoslik institutiga, taniqli olim Ashraf Ahmedov ziyoratlariga borsam, yuqori bir tashkilotga “spravka” yozib o‘tirgan ekanlar. Vazirlar kengashida (“mahkama” emas, “kengash” bo‘ladi. “Mahkama” atamasi sud ma'nosini beradi) santexnik bo‘lib ishlaydigan bir odam bir rahbarga piyozning po‘stlog‘idek broshyura berib, Temur haqida kitob yozib, kino qilmoq uchun arz etibdi. “Men shu vatandoshimizga “Siz o‘z santexniklik vazifangizni sidqidildan bajaravering. Bu ishni bizga qo‘yib bering deya javob xati yozmoqdaman”, deb izoh berdilar Ashraf aka.

100

– Shu paytgacha sakkiz jildi chop etilgan roman-pamfletlaringizda dunyo siyosatining ko‘z ilg‘amas qabariq qirralari, siyosatdagi haqiqiy daho shaxsiyatlar qatorida suv yuzasidagi xas kabi bu maydonga kirib qolgan tasodifiy va qotil “daholar” haqida ham aql bovar qilmas, hayratlanarli voqealarni qalamga olgansiz...

– To‘g‘ri. Boshsiz elga bosh bo‘lma deganlaridek, shakllangan millatlarning rahbarlari har tomonlama shakllangan, keng dunyoqarashli shaxsiyatlar bo‘ladilar. Shakllanmagan uluslarning rahbaru olimi shoiru nosiri ham to‘la shakllanmagan kishilar bo‘lishadi. Bosh shohona bo‘lmas ekan, unga ne qadar qimmatbaho toj kiydirmang, bu bosh hech qachon shohona bo‘lmaydi. Xalqimizda bir ota so‘zi bor: “Insoni soz, jahonda oz”. Rahbar bo‘lmoq uchun eng avvalo insoniylik iste'dodi va rahbarlik salohiyatiga ega, dunyoning tubiga yetgan soz inson bo‘lmoq kerak. Buni insonlikdan nasibini olgan inson, inson kabi inson bo‘lib qolgan inson desak ham bo‘ladi.

Bu fojialarning sabab va oqibatlari haqida men shu paytgacha sakkiz jildi nashr etilgan roman-pamfletlarimda batafsil yozganman. O‘z ellariga aql bo‘lmoq da'vosida ot qamchilagan bu odamlarning fojialari shundan iboratki, ular Bernard Shou aytgan bir fikrning qurbonlaridir: bilmaganini bilaman deguvchilarning qismatiga siyosatchi bo‘lmoq yozilgan bo‘ladi. Bu odamlarning yana bir fojiasi shundan iboratki, ular barchadan aqlli bo‘lganligim uchun shu kursiga o‘tirganman deya fikr qiladilar.

Siyosiy madaniyatdan yiroq va siyosat san'atini tasavvur etmay turib uning ayovsiz maydonida ko‘pkari chopaman degan havaskorlar mana shu taxlitda o‘z faoliyatlarini so‘nglantiradilar. Siyosat shunday tirikchilik. Uning saroyiga oyoqda kirgan kishi tobutda chiqishi, toj kiyilgan bosh ko‘z ochib yumguncha loshga aylanishi hech gap emas. Statistika shuni ko‘rsatadi, sharq mamlakatlari rahbarlari iqtidordan ketganlarida va hayotdan ko‘z yumganlarida to‘qson foizi haqidagi fikr salbiy. Dostoyevskiyning “В России две беды: дураки и дороги” degan fikrini yaxshi bilsangiz kerak. Bizning o‘pkasini qo‘ltiqlagan, ahmoq o‘zini ovutar, qo‘ltig‘ini sovutar qabilida ish tutadigan sharq va musulmon dunyosining ham muammosi ikkita: poshsholar va pashshalar.

Maxatma, Indira, Sandjiv va Radjiv Gandilarning kulini ko‘kka sovurgan Hindiston. To‘rt nafar prezidentini otgan Bangladesh hamda Afg‘oniston. Ota va qiz Bxuttolarni qatl etgan Pokiston. Ikki prezidentini haydab solib, uchinchisini qamagan, so‘nggi prezidentini qamoqxonadan chiqarib taxtga o‘tqazgan Qirg‘iziston. Monarxiyaga aylangan Turkmaniston. Eng pichoqqa ilinadigan rahbar deb bilganimiz va avlodi bilan mamlakat milliy daromadining ellik foizdan ziyodiga ega chiqqan, so‘ngida haykallari ag‘darilib, boshkentdan nomi va pullardan surati olib tashlanib, elboshilikdan mosuvo bo‘lgan Nazarboyev va sulolasi. Tojikistonning og‘ziga yostiq bosib o‘ldirilgan prezidenti Rahmon Nabiyev. Bo‘g‘ziga siqqan-sig‘magan noma'qulning nonini yegan bizning marhum rahbarning qizlari, qavmu qarindoshlari va shotirlari.

Bu noxush ro‘yxatni davom ettirish mumkin. Yoki sobiq bosh rahbarning parlament raisi, davlat maslahatchilari, vazirlaru, hatto xalq yozuvchisini ish kabinetida telbalarcha kaltaklab hushidan ketkazishi. Viloyat va tuman hokimlari odamlarni haqoratlab, o‘lasi qilib do‘pposlashi... Maktab direktorlarini safga tizib, so‘kkancha kaltaklagan Sayxunobod tuman hokimi Nosir Egamberdiyev degan kimsaga kim bu haq-huquqni bergan? “Baliq boshdan degan gap to‘g‘ri...” deydi Yesenin. Eng g‘alatisi, bu sadistning o‘zi ham o‘qituvchi, viloyat kasb-hunar ta'limi boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan. Bunday g‘ayriinsoniy holatlarda xalq “o‘zingdan zo‘rlar chiqsa, ko‘zingdan sho‘rlar chiqar” deydi.

Yoki hamon xalqni haqoratlab tahqirlagancha taxtda turgan Surxondaryo va Andijon hokimlari. Bu og‘zi shaloqlar ro‘yxatida pedagogika fanlari doktori, Namangan davlat universiteti rektorining ham borligi milliy fojiadir. Bularga kim bu vakolatni bergan? Mana, ko‘ring, ta'lim-tarbiya degan tiniq buloqning boshida kimlar turibdi! Biz qaysi asru zamonda yashamoqdamiz? Bu kabi e'tiqodsizlar qachongacha millatning sho‘riga sho‘rva to‘kadi?

Yaqinda hokimlarning siyosat axloq-odobi va ma'rifatiga xilof ravishda sazoyi qilib vazifasidan haydalishiga guvoh bo'ldik. Bu – inson shaxsiga nisbatan qilingan e'tibor suiqasdidir.

Yoki axloqsizu tarbiyasiz qaynona va Samarqanddagi to‘yda kishilarning kuyov va to‘y egalariga dollar va so‘mdan chopon kiygizishlari. Biz qayoqqa qarab ketmoqdamiz?

Musulmon olamining davlat va hukumat yurituv saboqlariga boqsak. Turkiyaning boshqa bir davlat rahbaridan it sovg‘a oldi deganga o‘xshagan bahonalar bilan osilgan bosh vaziri Adnan Menderes. Misrning o‘ttiz yil taxtni tark etmagach, ag‘darilib qamalgan prezidenti Husni Muborak. Harbiy parad paytida vatanparvar zobit tomonidan peshonasidan otilgan prezident Anvar Saodat. Xalq saylagan va qamoqxonada jon bergan prezident Muhammad Mursiy. Qirq yil Liviyani titratib turgan, yashiringan quvuridan sudrab chiqarishib sazoyi qilinib, tahqirlab o‘ldirilgan Muammar Kaddafiy. Eronning xoin deya otilgan bosh vaziri Baxtiyor. Quvg‘inda jon bergan Eron podshohi Muhammad Rizo Pahlaviy va Afg‘oniston podshohi Zohir Shoh. Tunisning haydalgan prezidenti Zaynalobiddin Ben Ali. Yetti milliard dollar sarvati ordona qolgan va to‘rt yuz ellik ming dollar bilan bir yerto‘lada qo‘lga tushgan, Iroqning isyonu buzg‘un mamlakatga aylanishiga sababchi bo‘lib osilgan sobiq bosh rahbari Saddam Husayn. Mamlakat aholisining yuzda yetti foizini tashkil etgan holda yarim asrdan beri hokimiyatni qo‘ldan bermay Suriyani qon ko‘liga aylantirgan nusayriylar jamoasi va Asadlar oilasi. Nihoyat, Rajab Toyib Erdo‘g‘onni o‘ldirib, davlat to‘ntarishiga uringan o‘n beshinchi iyul isyoni qotillari...

Yaqinda Qozog‘iston boshkenti nomi yana Astana deya qayta o‘zgartirilgani ma'lum bo‘ldi.  Tirikligida boshi yumaloq, buti ayrilardan payg‘ambaru avliyo, dohiy elboshiyu yurtboshi yasash bizning sovet propagandasidan qolgan merosdir. Sharqliklar fe'lida ham bu qusur bor. Ustiga tuproq tortilganu tortilmagan odamning haqiqiy bahosi bir necha o‘n yillar o‘tgach, unga siyosiy va ma'naviy baho berilgach, ma'lum bo‘ladi. Ana shundan so‘ng uning xotirasini abadiylashtirish yoki abadiylashtirmaslik masalasi hal etiladi. Bu xususda oddiy bir misol. Qirg‘iziston qonunlariga ko‘ra siyosiy rahbarlar vafot etgach, suvlar tinib, bu shaxs haqidagi fikrlar oydinlashgach, besh yildan so‘ng bu masala hal etiladi. Mamlakatning sobiq bosh rahbari Turdakun Usubaliyev vafot etgach, besh yildan so‘ng xotirasi abadiylashtirildi. Bu ibrat namunasidir.

Taxtda uzoq o‘tirib qolgan hukmdor o‘zini xudo his eta boshlaydi deydilar Hazrat Navoiy. O‘ttiz-qirq yillab taxt degan taxtaga tarmashib olgan sharq hukmdorlarining fojiasi ham shunda. Taxtni tirikligida tark etsa, sog‘ qolmasligini ham biladi. Boisi, qo‘lu vijdon – qip-qizil qon!

8

– Nega sobiq Ittifoq davrida ham, mustaqillik davrida ham sizga xalq yozuvchisi unvonini berishmadi?

– Gapning ochig‘i, sizdan bunday savolni kutmagan edim. Siz bu savolingizga hamkasbimiz, tilga olganingiz unvon sohibi bo‘lmish Xurshid Davronning quyidagi jumlalaridan javob topishingiz mumkin: “Men xalq shoiri unvonini bir qator davlat tadbirlari uchun yozgan senariylarim uchun olganman”.

Tantanali tadbirlar o‘tkazish bo‘yicha katta mutaxassis Bahodir Yo‘ldoshevga esa boshqalar uchun bir marta ham “ravo ko‘rilmagan” siz tilga olgan unvon bir kishining kayfiyatiga ko‘ra ikki marotaba “ravo ko‘rilgani” g‘oyat kulgili. Zotan dunyo tajribasida bu kabi “xalq falonchisi”, “xizmat ko‘rsatgan” yoki “tuhmat ko‘rsatgan” degan unvonlar yo‘q. Nima, qolgan ijodkorlar xizmat ko‘rsatmagan yoki ularning siz nazarda tutgan xalqqa aloqasi yo‘qmi? Bir kishining simpatiyasi yoki antipatiyasi bilan amalga oshadigan bu tadbir ayirmachilikka o‘xshaydi va xalq fikridan uzoq.

Zotan bu kabi ensani qotiruvchi masalalarga Gabriel Garsia Lorka aytganidek “Ko‘zi ochiqligimizda berilgan unvonu mukofotlar, yubileyu tantanalar tirikligimizda qabrimizga qo‘yilgan toshdir” deya qaramoq kerak.

Agar siz bu savolni ming yil burun “Shohnoma”ni xurjuniga solgancha, xachiriga ortgancha shohlar saroyi eshigida sarg‘aygan Firdavsiy domlaga berganingizda shunday javob olgan bo‘lar edingiz: “Mening nomim nazm bilan boqiy qoladi, sulton karami bilan emas. Devon minnatini tortmoq istamayman”.

Gap unvon va mukofotda emas. Shaxsiyat va nomda. Dala va polizlardagi qo‘g‘irchoq qorovullarni eslang. Cho‘pdan yasalgan skeletga to‘n kiygizib qo‘yishadi. “Yodda qolmaydigan odamga yodgorlik qo‘yiladi” degandek, aslida bo‘lmagan kimsani ne qadar taqdirlab ko‘tar-ko‘tar qilsangiz, uni shu qadar tahqirlab yerga urgan bo‘lasiz. Xalq kimning kimligini juda yaxshi biladi. Soxta tashviqot bilan aslida bo‘lmaganni bo‘ldira olmaysiz. Boisi, aslida bo‘lmagandan asil chiqmas. Xalq sifatida shakllanmagan qavmu qabilalar o‘zining ham kimligini bilmay, yotning yo‘rig‘iga yurib o‘tadilar. O‘zligini bilmagan olomonlar va kishilar hech qachon o‘zgani bilib, baho bera olmaydilar. Shu bois ham o‘zini bilganni o‘zingdek bil deydilar.

Shu xususda buyuk mutafakkir Zamaxshariyning fikrlariga e'tibor bering-a! Biror kimsani insonlar orasida haddan oshiq darajada madhu sano bilan sharaflantirib, aslidan ko‘ra buyuk qilib ko‘rsatish, mubolag‘a qilish haqiqatan ham uning qadrini tushirib, kichraytirish demakdir. Shonu shuhrat berib hammaga tanitish haqiqatan-da nomini va shonini butunlay yo‘q qilishdir. Mansab va martabasi bilan ovungan, kerilgan kishi tuyaqushdan ham ahmoqroqdir.

Haqiqatni aytish mumkin bo‘lmagan kishiga hech qachon to‘g‘ri gapni gapirib bo‘lmaydi. Bizning fojiamiz shundan iboratki, xalqning aksari to‘g‘ri va haq gapni eshitish va anglashga hozir emas. Haqiqat va adolat haqidagi tasavvur nosog‘lom, xira. Lekin haqiqiy yozuvchining asil vazifasi haq deb bilgan fikrini hech bo‘lmasa kelgusi, ko‘zi ochiq bo‘lajak avlodlar uchun yozib qoldirmoq.

Vaholanki, haqiqatni eshitishga tayyor bo‘lgan odam hamma narsani tushunadi va hamma narsani kechiradi. Ruslarning “упорство – достоинство осла” degan maqolida qayd etilganidek, chalasavodu gumrohlarga buni ikki dunyoda anglatib bo‘lmaydi.

“Qahramon” degan unvon ham bolsheviklar o‘ylab topgan soxta va xayoliy g‘oya hamda propagandaning chala tug‘ilgan mahsulidir. Faqat sotsializm va kommunizmda inson ana shunday qadrlanadi, qahramon bo‘la oladi degan tashviqotni omma ongiga mixlash uchun o‘ylab topilgan tirikchilik bu. Bir misol keltiray. Stalin sobiq Tula qurol-aslaha zavodi direktori va “Rosvorujeniye” vazirini so‘raydi. U Sibirda, qamoqda ekanligini aytishadi. Stalin qabulga chorlashni buyuradi.

“Sizni yana vazir etib tayinlaymiz”, – deydi Stalin.

“Men bechora obro‘siz bir mahbus bo‘lsam”, – deydi u hayron bo‘lib abgor ahvolda.

“Sizning obro‘yingiz bilan biz shug‘ullanamiz!” – javob qiladi Stalin.

Ertalab ishga borgan vazirni xodimlar ”Pravda” gazetasida e'lon qilingan SSSR  Oliy Soveti Prezdiumining farmoni va gullar bilan kutib olishadi. Mahbusga kechasiyoq “SSSR Qahramoni” unvoni berilgan edi.

SSSR zamonasida qahramonlik nimaligini anglab yetmagan xat-savodsiz cho‘chqaboqaru makkajo‘xorikordan “geroy”lar yasalar va ular xalqlarga namuna sifatida propaganda qilinardi. Bu g‘ayritabiiy “an'ana” mustaqillikni mustarqullikka aylantirgan bir necha sobiq sovet jumhuriyatlarida qoldi, xolos. Aslida “qahramon” so‘zi “qahrga omon bermoq”, “rahmli”, “shafqat qilmoq” ma'nolarini beradi.

Gabriyel Garsia Markes bilan o‘tgan asrning 50-yillarida Moskvaga, talabalar festivaliga kelgan amerikalik jurnalist o‘sha davrdagi yolg‘on propaganda, soxta pafos, ahmoqona qarsakbozlik, ko‘ngilni aynitadigan darajadagi madhi sano kampaniyasi, ko‘zbo‘yamachilik va arzon-garov populizmni ko‘rgach, Iosif Stalinning qariyb o‘ttiz besh yillik diktatorligini nazarda tutib, “albatta, etikdo‘z o‘g‘li hukmdor bo‘lgan mamlakatda makkajo‘xorikor, cho‘chqaboqar va etikdo‘zlar qahramon bo‘ladilar-da” deya yozgan ekan.

Amerikalik jurnalist bilib-bilmay o‘shanda “etikdo‘zmisan, tizzadan yuqoriga chiqma” ota so‘ziga ishora etgan ko‘rinadi. Biroq dohiy etikdo‘zning vorisu ishqibozlari o‘sha paytda bu ota so‘zini bilmas edilar. Saboq olinmagan tarixiy fojialar esa aql bovar qilmas ko‘rinishda takrorlanaveradi. O‘shanda SSSRga kelgan Gabriyel Garsia Markes: “Sovet xalqi va hukumatining baxti shunda ediki, xalq ne qadar ayanchli ahvolda yashayotganini bilmas edi” deya o‘sha davrga baho bergandi va shundan so‘ng Markes ismi SSSRda taqiqlandi. Bizda o‘n besh yil davomida Aytmatov ismi yasoqlanganidek.

Turkiyada bor-yo‘g‘i bitta Davlat sharaf medalyasi bor, xolos. AQSHda ikkita. Biz esa bu borada Ginnes kitobiga kirsak kerak.

Yana bir narsani aytish joizki, so‘nggi qator o‘n yilliklardagi fikrlash darajasining tovonu toboni ko‘p g‘arib bo‘lmish rahbarlar bilan “kakligim sayrashmagan”. Qolgan izoh va tafsilotlarni roman-pamfletlarning navbatdagi jildlarida o‘qiysiz.

Shu o‘rinda bir holatni so‘zlamoqni lozim topdim. Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar”i yozilgandan yetti yil so‘ngra kitob holida chop etilgan. Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” romani yozib tugatilganidan so‘ng yetti yil nashr etilmay chang bosib yotgan. “Avlodlar dovoni” g‘oyachi opalar zamonida jurnal sahifalari va nashriyot rejasidan olib tashlandi. Mustarqullik zehniyati zamonasida Halima Xudoyberdiyeva, Omon Matjon kabi bir qator adiblarning asarlari o‘quv qo‘llanmalaridan yirtib olindi. Mening qalamimga mansub “Temuriylar” epopeyasining ilk kitobi “Buyuk Turon amiri” esa yozilganidan o‘n yetti yil keyin chop etildi. O‘ttiz yettinchi yillarda ham bunday ma'naviy qatag‘on bo‘lmagan.

Ibrat namunasi bo‘lmish yana bir voqeani aytayin. Turkiya jumhuriyati Buyuk Millat majlisi o‘tkazgan davlat madhiyasi konkursida Mehmet Akif Erso‘yning matni g‘olib topilib, unga xalq va parlament tomonidan milliy shoir unvoni berilib, katta miqdorda mablag‘ taqdim etiladi. Ushbu majlisga do‘stining paltosini kiyib kelgan shoir bu mablag‘ni xotin-qizlarni tikuvchilikka o‘rgatuvchi maktabga o‘tkazib, uyga qaytadi. Vaholanki, u bu pulga uy sotib olish mumkin ekan. “Shu aqchaga egningga palto olsang bo‘lar edi” – tanbeh beradi do‘sti. “Men madhiyani palto uchun emas, Vatan uchun yozganman!” – javob qiladi Erso‘y. Biz esa bu kabi ishlarda bilib-bilmay imonsizga erk bersang, elni talar qabilida ish tutamiz. Zotan, o‘zini bilganni o‘zingdek bil degandek, o‘zligini saqlay olgan shaxs va san'atkor uchun eng muhimi – so‘zining xalqiga yetib borishi, hayratga sola bilishi hamda yoza olishidir. Adabiyot og‘iz va targ‘ibot bilan yaratilmaydi. Tushunarli yozadigan yozuvchining o‘quvchisi, tushunarsiz yozadiganning esa gala-gala, qavm-qavm sharhlovchi va targ‘ibotchisi bo‘lishini yaxshi bilsangiz kerak.

101

– Yaqinda ustoz Karim Bahriyevning she'rlari 2015-yilda “Sharq yulduzi” jurnalidan olib tashlangani va u kishining qora ro‘yxatda bo‘lganligi adolatparvar ijodkorlarni ranjitdi. Adabiyotimizdagi bu kabi adolatsizliklarga barham beriladimi yoki bu kabi ma'naviy zarbalar davom etaveradimi?

– O‘zi, so‘zi va yuzi bir Karimjonning bu xususdagi izohlarini “Feysbuk”da men ham o‘qidim. Do‘stimizning bitiklari to‘rtinchi sonda berilishi aytilibdi. Son nashr etilganini eshitgan muallif jurnaldan olish umidida tahririyatga bosh suqqanida, mas'ul xodim “Uzr, Karim aka, siz hamon qora ro‘yxatda ekansiz, she'rlaringizni nomerdan olib tashlashdi. Beshinchi va oltinchi sonda ham yo‘q”, debdi. Yoki Shukur Jabborni qora ro‘yxatda ekansiz deya televideniye binosiga kiritishmagani voqeasi...

Marhum rahbariyat va zehniyat paytida vatan va millat dushmanlari bunday qora ro‘yxatlarni tegishli ustozlariga eslatish uchun internet tarmog‘ida e'lon etib turishardi. O‘sha yillar Yozuvchilar uyushmasining ikki nomdor rahbari davrida yetmish nafar milliy yozuvchilar a'zolikdan o‘chirildi. Bu raislar radio, televidene, matbuot va nashriyotlarga kimlarni yaqinlashtirmaslik va bitiklarini chop etmaslik ta'limotini berishdek ma'naviy qatag‘onga rahbarlik qilishdi. Hatto shunday ma'naviy tashkilotni biznes markaziga aylantirishdi. Savolingizni vaqtida berdingiz shekilli. O‘n yil chamasi burungi bir yig‘inda Karimjon bilan gurunglashgach, bitik qoralagandim. Ustoz hofiz Kamoliddin Rahimov haqidagi xotira kitobida chop etilgan ushbu bitikni o‘quvchilar diqqatiga havola etsak o‘rinli bo‘ladi degan fikrdaman.

 

Bu el elat bo‘libdiki,

Qismatiga yora ro‘yxat.

Mard qoni yurakka tomar,

Nomard zotga chora ro‘yxat.

 

Zulmu zug‘um tegishsa-da,

Hamon rafda qaro ro‘yxat.

Paytavani bayroq qilgan

Taxtu tobut aro ro‘yxat.

 

Haq tanimas ojizlarga

Mudom tuzuk, to‘ra ro‘yxat.

Tole tongi otmas ekan,

Peshonalar sho‘ra ro‘yxat.

 

Aslida bu millat sha'ni,

Ham nomusu ori ro‘yxat.

Erku adolat deganning

Azal do‘stu yori ro‘yxat.

 

Hurriyatning samosida

Hur Humoyu sori ro‘yxat.

Yelkasida yurtning yuki,

Saralardan sara ro‘yxat.

 

Ko‘z ochig‘u qalblar so‘qir,

Alal abad ko‘r-a, ro‘yxat.

Boshlar loshga aylanmasdan

Qotillardan so‘ra ro‘yxat.

 

Ulus ummonga yetsa-da,

Tashna suvga zora ro‘yxat.

Haqiqat deb hayqirganning

Qismatida bora ro‘yxat.

 

Qattol qassob bezi bo‘lsa,

Qatag‘onga qo‘ra ro‘yxat.

Navoiyni ixroj etgan

O‘rtentakka o‘ra ro‘yxat.

 

Do‘sti Qalandar, kuyinma,

Boshda salla – qaro ro‘yxat.

Erta yo kech tushar eding,

Bo‘lsa kalla – qaro ro‘yxat.

 

Millat vijdonin qonatgan

Yurakdagi yara ro‘yxat.

Kimni mangulikka eltar,

Kimni esa dora ro‘yxat.

photo_2022-10-01_15-08-38

– Jahondagi afkor adabiyot ixlosmandlari, xususan, marg‘ilonlik olim Oqiljon G‘afurov, qirg‘izistonlik mashhur yozuvchi Begijon Ahmedov, Turkiyadan Nodira Davron va ko‘plab mutaxassis hamda adabiyotni anglagan o‘quvchilar yigirma besh jildlik “Temuriylar” epopeyasi va o‘n bir jildlik roman-pamfletlarni nafaqat turkiy, balki jahon adabiyotidagi voqea deb baholab, Nobel mukofotiga loyiq asarlar deb bilmoqdalar. Turkiyalik kinoarbob Mustafo Gunesh sizni Turkistonning Yashar Kamoli, Sharafiddin Yo‘ldoshev Chingiz Aytmatovi deyishadi. Shu o‘rinda adabiyotimizda yangi janr va yangilik bo‘lgan roman-pamfletlar haqida fikringizni bilmoqchiman?

– Aytilajak fikr va falsafa janrni belgilaydi. Xalqimizning yaqin ikki yuz yillik tarixini o‘z ichiga olgan bu bitiklar kechmishimiz, shu paytgacha yolg‘on yozilib kelingan yasama tariximizga yondashuvimiz va yanglish fikrlashimizda inqilob yasaganini ko‘rib, maqsadimga erishganimdan behad mamnunman. “Shunday yozish ham mumkin ekan-ku! Haqiqatni ana shunday baralla aytish mumkin ekan-ku” degan “Feysbuk”dagi yozuvlarni o‘zingiz ham o‘qiyotgandirsiz? Kechmishga qaytolmaysan, kelajakka yetolmaysan deganlaridek, o‘tmishni to‘g‘ri ko‘z, teran aql, tajribadan o‘tgan tafakkur bilan idrok etmasdan turib, kelajakka sog‘lom aqlu nigoh, to‘g‘ri va oliy adolatga tayangan zako bilan boqib bo‘lmaydi. Bugun adabiyotning vazifasi o‘zgargani barobarida ahvoli og‘irlashdi. Internet asrida badiiy kitobning qiymati esa qadar oshmasin, ikkinchi planga o‘tganga o‘xshasa-da, u hayotimizning ildizu qomusidir. Endilikda siz o‘quvchini zerikarli tasvirlar va siyqasi chiqqan pandu nasihatlar bilan o‘zingizga qarata olmaysiz. O‘q kabi o‘zining nishoniga yetib boradigan va qalbida inqilob yasaydigan so‘z hamda fikrlarni u tushuna oladigan tilda yozmog‘ingiz kerak.

Roman-pamfletlarga siz muharrirlik qilgansiz. Bu haqda gapirishga luzum yo‘q deb o‘ylayman. Yozuvchi o‘z asari haqida gapira boshladimi, demak, nimanidir oxirigacha qotirib yozmagan bo‘ladi. Zotan ikki marotaba o‘qishga arzimagan kitob bir marta o‘qishga ham arzimasligini yaxshi bilasiz.

Янги йўл

– Milliy adabiyotimiz namunasi va yutug‘i sifatida “Amazon” internet tarmog‘ida asarlari eng ko‘p qo‘yilgan yozuvchimizsiz. Asarlaringizning xorijiy tillarga tarjimasi borasida ma'lumotlar bilan o‘rtoqlashsangiz.

– Ayni damda tilga olganingiz internet tarmog‘ida milliy romanchiligimiz namunalari bo‘lmish ulug‘ klassigimiz Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar”, Shahodat Isaxonovaning “Chingizxon tuzog‘iga tushgan malika”, kaminaning “Buyuk Turon amiri” va “Sukut suiqasdi yoxud Stalindan Saddamgacha” romanlari ingliz tilida o‘qilmoqda. Hindistonlik tarixchi olim, professor Chandra Shekxar “Buyuk Turon amiri” romanini ingliz tilidan hind tiliga o‘girayotganini aytdilar. Eronlik mashhur turixchi olim, Eron til va adabiyot akademiyasining bosh kotibi Muhammad Rizo Nosiriy “Temuriylar” epopeyasining Humoyunshoh, Eron va Safaviylar sulolasi bilan bog‘liq so‘nggi to‘rt jildining fors tiliga tarjimasiga kirishilganini ma'lum qildilar. Afg‘onistonlik millatdoshimiz Azizulloh Orol epopeyaning dariy tiliga tarjimasi ustida ishlamoqdalar. Tojikistonda hikoyalar to‘plami tarjimasi nihoyasiga yetmoqda. Turkiyada epopeya va roman-pamfletlar tarjimasiga kirishildi.

– Epopeya va roman-pamfletlarni maktab hamda oliy o‘quv yurtlarida darslik va qo‘shimcha adabiyot sifatida o‘qitish zarurligi haqida takliflar bildirilmoqda. Bu haqda nima deysiz?

– Nima derdim. Takrorlab kelganimdek, bizda akademik ham, ukademigu bobodemik ham badiiy kitob o‘qimaydi. Biroq televideniye va matbuotda kitob haqida uzundan uzoq nutq, bahsi munozara qilishadi. Siz nazarda tutgan quloqlarning boshidagilar bu kitoblarni o‘qiganlarini eshitmadik. Balki bu ishlar kelgusi, qalb va imon ko‘zi tom ma'noda ochiq, asil toza avlodlar zimmasiga tushar. Bilasiz, bizda barcha sohalarda monopoliya hukmron. Biror tashabbus bilan chiqsangiz ham past nazar va dushmanlik ko‘zi bilan qarashadi. Itni esa o‘ldirganga sudratadilar...

– Bugungi o‘zbek adabiy jarayoni ulug‘ yozuvchilarni yetishtirib beradimi?

– Cho‘lponning “O‘rdalarda sevgi bo‘lmas, shahzodalar seva bilmas, sevgi asil yaylovlarda” degan satrini eslang. Sulton Sohibqiron Amir Temurdek jahongir shaxsiyati yaratgan dunyoviy davlat Samarqandu Hirot, Registonu Tojmahal renessansini berdi. Shu iqlim tufayli Ulug‘begu Ali Qushchi, Jomiyu Navoiy, Boburu Behzod daholari kun yuziga chiqdi. Uch yuz yillik Romanovlar saltanatining oxirgi yuz yilligi esa Ermitaju Tretyakov, Chexovu Tolstoy, Dostoyevskiyu Turgenev, Repinu Rerix kabi buyuk shaxslarni insoniyatga taqdim etdi. Tangridan va kelajakdan hech qachon umid kesmaslik kerak. Umid tugagan joyda inson va insoniyat hayoti tugaydi. Har qanday turumu tuzumda o‘ngimizga yuksak orzu-umid, e'tiqodu armon ila boqib, Tangridan faqat tuya so‘ramog‘imiz kerak. Buning uchun ulus hurriyat bayrog‘ini yanada baland ko‘tara olishi shart. Tom ma'noda hur bo‘lmagan elu elat xoru zor bo‘ladi. Stolipin aytganidek, o‘zligini anglamagan xalq go‘ngdir, undan boshqa elu elatlar o‘sib chiqadi. Yurtda adolat tarozisi to‘g‘ri tortilishi kerak. Adolatsizlik, haqsizlik jondan o‘tganda kishilar ko‘zda yosh, duoda tosh bilan Haqqa nola etadilar. Tavqi la'nat botqog‘iga botganlarning avlodlari ham bu la'nat tamg‘asini ko‘tarib yurmoq majburiyatida qoladilar. Adolatga amal qilinmagan yurtda ulusu ummat yarim haqiqat va yarim yolg‘on surgan iqlimda yashashga majbur bo‘ladi.

3

– Suhbatingiz uchun rahmat!

– Sizga ham tashakkur!

Azamat Qorjovov suhbatlashdi

www.ijodpress.uz saytidan ko‘chirilganda manba ko‘rsatilishi shart!

Biz bilan bog‘lanish:
Bizning e-mail:
Bizning manzil:
O‘zbekiston Respublikasi Toshkent shahri Chilonzor tumani Cho‘ponota ko‘chasi, 28-uy
Bosmaxona xizmatlari, nashriyot ishlari, mehmonxona
Sizni kutmoqdamiz!