DILFUZA SOBIROVA
Dilfuza Sobirova 1970-yil Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahrida tavallud topgan. 1977-1987-yillarda 13-o‘rta maktabda o‘qigan.
1987–1991-yilda Samarqand Davlat Pedogogika institutining (hozirgi SamDU) psixologiya-pedogogika fakultetida tahsil olgan. Institutni tamomlab, Tashxis markazida psixolog vazifasida ishlagan. Keyinchalik “Darakchi” va "Soliq plyus" gazetalarida bosh muharrir lavozimlarida faoliyat yuritdi. Hozirda Prezident ta'lim muassasalari agentligi Axborot xizmati rahbari lavozimida ishlamoqda.
Dilfuza Sobirova 1999-yildan boshlab qalam tebratib keladi. Maqola, hikoya va qissalari “Darakchi”, “Sug‘diyona”, “Bekajon” va boshqa bir qancha gazetalarda chop etilgan. Yozuvchining “Xazina” sarguzasht-fantastik qissasi “Tafakkur qanoti” nashriyotida, "Qaynona kundaligi" “Spektrum media grup” nashriyotida, "Shuhrat vasvasasi" “Ijod-Press” nashriyotida, "Go‘shanga alangasi" “Davr-Press” nashriyotida nashr etilgan.
Shuningdek, u ko‘plab asarlarni tarjima qilgan. Jahon adabiyotidan tarjimalari xususiy nashrlardan tashqari "Jahon adabiyoti" jurnalida ham chop etilgan. "Zamonaviy Amerika romanlari" to‘plami “O‘zbekiston” nashriyotida, Stefani Mayer qalamiga mansub “Zulmat ostonasidagi muhabbat” va “Yangi oy” asarlari “Ijod-Press” nashriyotida nashr etilgan.
Dilfuza Sobirovaning bir qancha senariylari ekranlashtirilgan. Muallifning hikoyasi asosida “Yagonam” nomli badiiy film suratgan olingan va bir necha hikoyalari “Yoshlar” telekanalining “Bir qadam” dasturida va “O‘zbekiston” telekanalida sahnalashtirilgan. Uning senariysi asosida "Osiyo" teleseriali tasvirga olinib, "Mening yurtim" telekanalida namoyish etilgan.