Bosh sahifa/KITOBLAR/“Bilgamish”

“Bilgamish”

“BILGAMISH”

Kitob nomi: “Bilgamish”

Janr: Ilmiy-ommabop

Muallif: Anvar Shukurov

Nashriyot: “Ijod-Press”

Ajdodlarimiz Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek, Abulg‘ozi Bahodurxon yozgan tarix kitoblari tahlilidan kelib chiqib, O‘g‘uzxonning 4800 yil avval yashaganligini aniqlash mumkin. Bu esa Yer yuzidagi eng qadimgi deb hisoblanadigan “Bilgamish” dostoniga bizning ajdodlarning aloqasi bormi, yo‘qmi degan savolni yuzaga keltiradi. Shuni unutmaslik kerakki, “Bilgamish” dostoni dunyodagi eng qadimgi yozuv turi – ideografikada (belgilar orqali) bitilgan asardir. O‘sha davrlarda hozirgi yozuvlar yo‘q edi. Bizga aloqasi bormi, yo‘qmi, qanday ahamiyati bor deyishga shoshilmang! “Bilgamish” dostonini o‘qimagan bo‘lsangiz, Anvar Shukurovning xuddi shu nom bilan atalgan ushbu “Bilgamish” ilmiy-ommabop asarini mutolaa qiling!

“Bilgamish” – bir yuz ellik yil avval topilgan va hozirgacha dunyoning ko‘plab tillariga tarjima qilingan ko‘hna doston. Unda sal kam besh ming yil avval yashagan odamlar qanday fikrlagan, qanday tafakkur yuritgan, qanday gaplashgan, hayot qanaqa bo‘lgan, o‘qisangiz, his etasiz va ko‘z oldingizda o‘sha davr gavdalanadi. Yevropada bu doston “Gilgamesh” nomi bilan mashhur.

Anvar Shukurov ilmiy izlanishlar olib borib “Bilgamish” dostoni eronliklarning ham, misrliklarning ham, arablarning ham, yevropaliklarning ham asari emas, bizning ajdodlarning asari degan to‘xtamga keladi. Buni dalillar bilan isbotlashga harakat qiladi. Masalan, bizda “berk” degan so‘z bor. Qal'alar, qadimgi shaharlar devorlar bilan o‘rab olinib, darvozasi berkitilib qo‘yilgan. Bugungi kunda Sankt-Peterburg, Edinburg degan shaharlar bor. Ulardagi “-burg” qo‘shimchasi “berk” so‘zi ekanini ta'kidlaydi. Rus tilidagi “-yev”, “-ov” familiya yasovchi qo‘shimchalarning turkiycha “ev”, ya'ni “uy”, “oila” so‘zlaridan tarqalganini ham keltirib o‘tadi. Mamayev, Yusupov degan familiyalar ruslarda qadimdan bor. Bular “Mamay evi”, “Yusuf evi” ekanini yozadi. Xuddi Amir Temur davrida Qochuvli Bahodir degan ismga o‘xshab. “Qochuv”, ya'ni Qochev ismi ruscha “-yev” qo‘shichasi bilan yasalmagan, albatta. Bizda ismga ilgari “ev” qo‘shimchasi qo‘shilganidan dalolat, deydi muallif. Shuningdek, ruscha “dom” so‘zi “tom”, ya'ni “uy” so‘zidan kelib chiqqanini ham misol keltiradi. “Bilgamish” so‘zining esa turkiycha ekanini dalillaydi. “Bilga Emish”, ya'ni “bilimli ekan” degan ma'noni ifodalagan va o‘sha davrlarda bizda ismga “emish” qo‘shilganini aytadi. Xuddi “Alpomish” so‘zi “alp ekan” degan ma'noni bildirgani kabi. Shuningdek, kitobni o‘qisangiz “ona”, “Momo Havo” kabi ko‘plab so‘zlarining tarixi bilan ham tanishasiz.

Anvar Shukurovning “Bilgamish” kitobi o‘tmish va bugungi zamonni bog‘laydigan qiziqarli va foydali ilmiy rishta! “Ijod-Press” nashriyoti mahsuloti.

Biz bilan bog‘lanish:
Bizning e-mail:
Bizning manzil:
O‘zbekiston Respublikasi Toshkent shahri Chilonzor tumani Cho‘ponota ko‘chasi, 28-uy
Bosmaxona xizmatlari, nashriyot ishlari, mehmonxona
Sizni kutmoqdamiz!