Bosh sahifa/MUALLIFLARIMIZ/Аzamat Qorjovov

Аzamat Qorjovov

Azamat Qorjovov

Yozuvchi va senariychi Azamat Qorjovov 1977-yil 13-yanvarda Samarqand shahrida tugʼilgan. 1984–1994-yillarda Samarqand viloyati Bulungʼur tumanidagi 3-o‘rta maktabda o‘qigan. 2002–2004-yillarda SamDUning O‘zbek filologiyasi fakultetining bakalavriyatida, 2004–2006-yillarda shu fakultetning magistraturasida tahsil olgan. 2006–2007-yillarda esa SamDUning aspiranturasida o‘qigan.

Ilk asari 1997-yilda “Vatanparvar” gazetasida chop etilgan. O‘sha yili “Milliy tiklanish” gazetasida ham hikoyasi eʼlon qilingan. Talabalik chogʼlarida “Yosh kuch”, “Mushtum”, “Muloqot” jurnallarida, “O‘zbekiston adabiyoti va sanʼati”, “Registon”, “Maʼrifat nuri”, “Gulshan”, “Samarqand”, “Ulugʼbek vorislari”, “Yogʼdu” kabi gazetalarda sheʼrlari, hajviyalari va hikoyalari chop etilgan. Samarqand davlat universiteti talaba yoshlarining to‘plami – “Istiqlol mavjlari”ga hikoyalari kiritilgan. Keyingi yillarda asosan xususiy nashrlarda (“Parvona”, “Bekajon”, “Darakchi”, “Sugʼdiyona”, “Diyor”, “Dildosh”, “Mozaika”, “Shifo-Info”) ertak, sheʼr, hajviya, hikoya va qissalari chop etilgan.

2011-yildan boshlab shu vaqtgacha Azamat Qorjovovning detektiv, hayotiy-maishiy, mistika va sarguzasht janrlaridagi 44 ta kitobi “Dizayn-Press”, “Davr-Press”, “Kamalak”, “Tafakkur”, “Yangi nashr”, “Ijod-Press”, “Sano-standart” kabi nashriyotlarda nashr etilib, keng kitobxonlar ommasiga manzur bo‘lgan.

Azamat Qorjovov ijodida vatan mavzusi ham alohida o‘rin tutadi. Xususan, “Ikki it afsonasi”, “Janob GI”, “Vafodor” nomli asarlarida vatanga muhabbat, ona yurtning bahosi yo‘qligi badiiy bo‘yoqlarda ifoda etib berilgan. “Janob GI” hikoyasi Samarqand yozuvchi va shoirlarining “Yurtni sevmoq saodati” bayoziga kiritilgan. Shuningdek, “Huriston”, “Non aziz”, “Haykal”, “Bo‘sh po‘stak”, “Surat” kabi bir qancha ertaklari vatanparvarlik ruhidadir.

O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan so‘ng mamlakatda o‘tkir syujetli adabiyotning ravnaq topishi va xalqning kitobsevar xalqqa aylanishida Azamat Qorjovovning ham hissasi bor. Аmerika, Yevropa mamlakatlaridagidek O‘zbekistonda ham qisqa muddatda qirqdan ortiq kitobi bestseller darajasiga chiqqan yozuvchining paydo bo‘lishi shu vaqtgacha kuzatilmagan edi.

2001–2002-yillar – “Registon” gazetasi muxbiri, 2002-yil – “Maʼrifat nuri” gazetasi musahhihi, 2003–2004-yillar – SamDU 1-sonli Аkademik litseyning ona tili va adabiyot o‘qituvchisi, 2004–2009-yillar – “Bekajon” gazetasi muharriri, 2009–2015 yillar – “Sugʼdiyona” gazetasi adabiy bo‘lim muharriri, 2015–2020-yillar “Ijod-Press” nashriyoti masʼul muharriri.

2020-yildan boshlab kinematografiya sohasida ijod boshladi. “O‘zbekcha ajrashish” (rej. Bahrom Yoqubov), “Tutqunlik” (rej. Rashid Malikov), “Аfv” (rej. Said Muxtorov) kabi badiiy filmlar, “Boy va novvoy” (rej. Rustam Sagdiev), “Qo‘gʼirchoq” (rej. Lochin Oxunov), “Qil ustidagi taqdir” (rej. Umid Husanov) kabi teleseriallarning senariy muallifi.

Hozirda “Ijod-press” nashriyotining www.ijodpress.uz saytida faoliyat yuritmoqda.

Biz bilan bog‘lanish:
Bizning e-mail:
Bizning manzil:
O‘zbekiston Respublikasi Toshkent shahri Chilonzor tumani Cho‘ponota ko‘chasi, 28-uy
Bosmaxona xizmatlari, nashriyot ishlari, mehmonxona
Sizni kutmoqdamiz!