Bosh sahifa/KITOBLAR/“Askar yigit qismati”

“Askar yigit qismati”

“ASKAR YIGIT QISMATI”

Kitob nomi: “Askar yigit qismati”

Janr: Voqeiy hikoyalar

Muallif: Nabijon Hoshimov

Nashriyot: “Ijod-Press”

Sarguzasht, hajviy va fantastik asarlari bilan shuhrat qozongan yozuvchi Nabijon Hoshimovning “Askar yigit qismati” kitobi adibning o‘z hayotidan olingan bo‘lib, asarlari ichida eng qiziqarli va eng hayotiyi hisoblanadi. Chunki kitobda birorta ham to‘qima voqea yo‘q va hayotida yuz bergan eng qiziq, eng g‘aroyib va eng ajoyib real kechmishlar qalamga olingan.

Kitob “Bolaligim” bobi bilan boshlanadi. Unda siz yozuvchining hali tug‘ilmasidan avval kitobga qanday oshno bo‘lgani, u qo‘ylarni emas, qo‘ylar uni yo‘qotib qo‘ygani, Oltiariq bozorida bir qop yangi kitobga ega bo‘lish voqeasi va urushdan nogiron bo‘lib qaytgan Qurbon amakisi hamda uning ma'shuqasi Kristina qismati va boshqa ko‘plab qiziqarli sarguzashtlar bilan tanishasiz.

Yozuvchidagi sarguzashtga va hajviyaga moyillik o‘z hayotnomasining keyingi boblarida ham yaqqol ko‘rinadi. Kechasi Polosondan Povulg‘onga yo‘l olgan to‘y karvonidan yarim yo‘lda tushib qolib, kimsasiz dashtda yig‘lab o‘tirgan kelinchakning baxtli hayoti, yillar o‘tib shu kelinchakning o‘g‘lining hayotida tarixning takrorlanishi, kuyovning Qirg‘izistonda qolib ketishi – barchasi muallifnig hayotida yuz bergan voqealar.

Asarda Nabijon Hoshimovning jurnalist bo‘lish uchun yangi ochilgan poligrafiya institutiga hujjat topshirgani, ammo u yerda jurnalistlarni emas, bosmaxona muhandislarini tayyorlashini tushunganida ikkinchi kursga o‘tib bo‘lgani haqidagi talabalik xotiralari ham qiziqarli uslubda bitilgan. Shu tariqa bo‘lajak yozuvchi bosmaxona muhandisligi uchun o‘qiydi, ammo ijoddan to‘xtamaydi. Kelajakda esa o‘zi kutmagan yangi sarguzashtlar xuddi shu sohada – bosmaxona muhandisligida o‘qiganiga chambarchas bog‘liq bo‘lib chiqadi.

Nabijon Hoshimov institutni bitirib, Toshkentdagi texnikumda dars berib yurganida, armiyaga chaqirishadi va sobiq Ittifoqning Afg‘oniston bilan chegara qismiga harbiy xizmatga yuborishadi. Yozuvchining harbiy qismi Afg‘onistonda jang qilayotgan sovet qo‘shinlarini yoqilg‘i mahsulotlari bilan ta'minlashi kerak edi. Kunlarning birida qo‘mondonlik yozuvchi-askarni yangi qismga safarbar etadi. Bu qism Toshkentda joylashgan edi. Shunday qilib, yozuvchi o‘zi ishlaydigan texnikum yaqinidagi harbiy qismda paydo bo‘ladi. Bunday voqea sobiq Ittifoq davrida deyarli kuzatilmaydigan eng omadli voqea edi. Boshqa barcha vatandoshlarimiz uylaridan yoki ishxonalaridan minglab chaqirim narida xizmat qilishardi. Ko‘p o‘tmay askar kazarmadan g‘oyib bo‘ladi...

O‘qing! Nabijon Hoshimovning o‘z hayoti haqidagi “Askar yigit qismati” voqeiy hikoyalar to‘plami! 90-yillarda shaxsiy armiya tuzgan o‘zbek adibi, nemis qabristonidan boshlangan o‘zbek qudalar to‘yi, Tojikistondagi imom-xatibning bosmaxona uskunasining pichoq mexanizmlari ichiga kirishi,  go‘ngli suvda cho‘milgan rus dizaynerlari, yovvoyi odamning tashrifi, aktyor Alisher Uzoqovni mashhur qilgan Nabijon Hoshimov – barcha qiziqarli voqealar shu kitobda!

Biz bilan bog‘lanish:
Bizning e-mail:
Bizning manzil:
O‘zbekiston Respublikasi Toshkent shahri Chilonzor tumani Cho‘ponota ko‘chasi, 28-uy
Bosmaxona xizmatlari, nashriyot ishlari, mehmonxona
Sizni kutmoqdamiz!