“AMIR TEMUR DIPLOMATIYASI”
Kitob nomi: “Amir Temur diplomatiyasi”
Janr: Ilmiy-ommabop qo‘llanma
Muallif: Shohistaxon O‘ljayeva
Nashriyot: “Ijod-Press”
Sohibqiron Amir Temur haqida turli manbalarda turlicha fikrlar mavjudligi hech kimga sir emas. O‘z zaminimizda mo‘g‘ul bosqinchilaridan mustaqil davlatni tashkil etib, keyinchalik buyuk davlatchilikni shakllantirgan ulug‘ ajdodimizni sho‘rolar davrida bizga bosqinchi deb uqtirishdi. Shuningdek, hozirgi ayrim boshqa mamlakatlarda hamon Amir Temur haqida salbiy fikrlar saqlanib qolmoqda. Go‘yoki ba'zi tarixchilar Amir Temur barcha yutuqlariga harbiy yo‘llar va shafqatsizlik bilan erishgandek taassurot uyg‘otishga harakat qilishadi. Biroq tarixiy manbalar buni rad etadi va Sohibqironning yutuqlari kuchli diplomatiyaga asoslanganini ko‘rsatadi. Ushbu kitob Amir Temur tashqi siyosati va diplomatiyasining ma'no-mazmuni, maqsad va vazifalarini tushunib yetishimizda katta ahamiyat kasb etadi. Sohibqironning Sharq va G‘arb davlatlari bilan olib borgan diplomatik aloqalari va tashqi siyosati imkon qadar aks ettirilgan. Xorazm, Oltin O‘rda, Mo‘g‘uliston, Misr, Usmoniylar, g‘arb davlatlari bilan siyosat yo‘nalishlarida olib borgan ishlarida tinchlik, o‘zaro hurmat, raqibga shafqat qilish va unga katta imkon yaratish, har qanday og‘ir sharoitda ham elchini qadrlash, diplomatiya qoidalariga qat'iy amal qilish, inson hayotining daxlsizligi, gumanizm g‘oyalariga tayangani ma'lum bo‘ladi. Vayronagarchilik urushlari va yoshu qarini qilichdan o‘tkazish, molu mulklarni talon-taroj etib, aholini qul qilish, dini, madaniyati va milliy urf-odatlarini yo‘q qilish kabi holatlar yuzaga kelmasligi uchun harakat qilinganini ko‘ramiz. Amir Temur u yoki bu mamlakatga elchilar yuborib, boshqa davlatlarning elchilarini qabul qilib, qirol va amirlar bilan diplomatik yozishmalar olib borgan va diplomatiyaning shakl hamda mazmunini boyitgan. Barcha chigal jumboqlarning o‘ndan to‘qqiz foizini to‘g‘ri qo‘llanilgan tadbirlar, ya'ni avvalo diplomatiya usullaridan foydalanilgan holda hal qilgan. Bunga misollar juda ko‘p. Ham musulmon, ham turkiy bo‘lgan Yildirim Boyazid bilan harbiy nizoga bormaslikka harakat qilgan bo‘lsa, Oltin O‘rda hukumati bilan yaxshi munosabatda bo‘lishga urinib, qudachilik rishtalarini bog‘lagan, keskinlikni qudachilik va ulfatchilik bilan yumshatgan. Hatto Amir Temurga Surxon vohasida erta pishgan qovunni yuborishganida, “men bilan o‘rinsiz dushmanlikka borgan bo‘lsa-da, birinchi qovunni quda tomonsiz yeyish loyiq emasdir” deb oltin taboqqa solib, Yusuf So‘fiyga yuboradi, lekin Yusuf So‘fiy qovunni suvga tashlatib, oltin taboqlarni darvozabonlarga berib hurmatsizlik ko‘rsatadi. Elchilarni hibsga olish yoki qatl ettirish ham Amir Temur diplomatiyasiga zid edi. Boshqalar esa Amir Temur elchilarini o‘ldirgan yoki hibsga oldirgan. Ayniqsa, olis Yevropa davlatlari bilan diplomatik aloqalar o‘rnatish maqsadida Yevropaga, xususan, Ispaniya qiroli huzuriga Muhammad al-Keshiyni elchi qilib yuborgani, bunga javoban Ispaniya qiroli Rui Gonsales de Klavixoni yurtimizga jo‘natgani, o‘sha davrda olis Ispaniyadan Samarqandga elchi kelishi va Ispaniya bilan diplomatik aloqalar o‘rnatilgani ham muhim voqeadir.
Shohistaxon O‘ljayevaning ushbu “Amir Temur diplomatiyasi” ilmiy-ommabop qo‘llanmasi Sohibqiron diplomatiyasining usullari, g‘oyalari, turlari va bugungi diplomatiya uchun ham muhim xususiyatlarini ochib beradi. “Ijod-Press” nashriyoti mahsuloti!