Kitob nomi: “731-qadam”
Janr: Hikoyalar
Muallif: Umid Ali
Nashriyot: “Ijod-Press”
Bir-biridan ajib 40 dan ortiq hikoyalarni jamlagan bu kitobda muallif nasrda nazm ruhini berib o‘rganganini yana bir marta isbot etadi. Deyarli barcha hikoyalarida shoirona qalbni kuylab, qalbni bosh qahramon qilib tanlaydi. Kitob mutolaasiga sho‘ng‘ir ekansiz, hikoyalarda siz ko‘rgan hayotning, shohid bo‘lgan yoki eshitgan voqealaringizning Umid Ali uslubidagi eskichayu yangicha talqinu tasviriga duch kelasiz. “Bryus Lining shogirdi”, “Kechikkan o‘g‘il”, “Uch yil va uch kun”, “Azizam”, “Kitobdan chiqqan pul”, “731-qadam”, “Rayhon hidi”, “Supraqoqdi”, “Suyunchi”, “Hur ona” kabi hikoyalar sizni voqealar bilan birga ko‘ngil dunyosiga yetaklaydi. Zero, bu Umid Alining uslubi va maqsadidir. U shu tariqa o‘z hikoyalarida ko‘ngil dunyosini kuylaydi. Qahramonlar esa muallif tuyg‘ularini tarannum etadi.
Umid Ali bir vaqtlar “Bekajon” gazetasining “Azizim” sahifasi orqali minglab muxlislarni o‘z ko‘ngil hikoyalari orqali rom etgan edi. “Ijod-Press” nashriyoti o‘z davrining matbuotida 80 minglab adadda chop etilgan hikoya va novellalarni bitta kitobga jam etdi. Yana bir qiziq jihati shuki, Umid Ali hikoyalari xos adabiyot muxlislari ko‘ngliga ham, keng adabiyot ixlosmandlariga ham bir xilda manzur bo‘ladi. Uning hikoyalari kitobxonlarning shartli tabaqalarini bir xilda zabt etuvchi ko‘ngilga yaqin asarlardir.
“Ijod-Press” nashriyoti nashr etgan mazkur kitob siz – aziz kitobxonlarning shaxsiy kutubxonangizdan, kitob javoningizdan o‘rin egallashiga ishonamiz. Yuragingizda gohida mahzunlik, gohida sevinch mehmon bo‘ladi. Hikoyalar qahramonlarini goh Umid Alining o‘zi deb o‘ylasangiz, gohida “Bu menman-ku!” degan o‘y o‘tadi xayolingizdan. Haqiqiy adabiyotning kuchi shunda. Haqiqiy kitobning kuchi shunda.